Kadrlar tayyorlash milliy dasturi

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O’zbekiston Respublikasining kadrlar tayyorlash milliy dasturi — 1997 yil 29 avgustda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 9-sessiyasida prezident I. A. Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan. Dasturning maqsadi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o’tmishdan qolgan mafkuraviy qoliplardan to’la xalos etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashning rivojlangan demokratik davlatlar darajasidagi, yuksak ma’naviy va axloqiy talablariga javob beruvchi milliy tizimini yaratishdan iborat. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi qonuni (1997 yil avgust) qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan bo’lib,milliy tajribaning tahlili va jahon miqyosi ta’lim tizimidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar mada- niyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo’ljalni to’g’ri ola bilish mahoratiga ega bo’lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo’naltirilgan. Dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro’yobga chiqarishni, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o’zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik va boshqalar tarzdagi sharoitlarni yaratishni, jamiyat, davlat va oila oldida o’z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni nazarda tutadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi va bevosita rahbarligida ishlab chiqilgan kadrlar tayyorlash milliy modeli qator noyob, takrorlanmas o’ziga xos xususiyatlarga ega. U O’zbekistonning xalqaro andozalardagi zamonaviy taraqqiyotini ta’minlay oladigan dadil, mustaqil fikrli, malakali, bilimli mutaxassis, ayni paytda ezgu insoniy sifatlarga ega kadrlarni tayyorlash maqsadini ko’zlaydi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi I. Karimov tomonidan ijtimoiy ongga kiritilgan, davlatni, jamiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan tamomila yangi tushunchadir. Dastur 5 bo’limdan iborat: muammolar va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish omillari; Milliy dasturning maqsadi, vazifalari va uni ro’yobga chiqarish bosqichlari; kadrlar tayyorlashning milliy modeli; Kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari; Milliy dasturni ro’yobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlar. Dasturning 1-bo’limida O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning o’ziga xos yo’lini tanlashi kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini qayta tashkil etish zarurligi, bu hol qator chora-tadbirlar ko’rishni taqozo etishni, lekin sodir etilgan o’zgartirishlar kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish talablariga muvofiq bo’lishini ta’minlay olmagani qayd etildi. Shuningdek, bu bo’limda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishning muhim omillari bayon etilgan. Dasturning 2-bo’limida uning maqsadi, vazifalari va dasturni ro’yobga chiqarish bosqichlari aniq ifoda etilgan. Maqsad va vazifalarni ro’yobga chiqarish 3 bosqichdan iborat bo’lib, 1-bosqichi (1997-2000 yillar)da mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, kadrlar jihatidan, ilmiy-uslubiy, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratish, 2-bosqich (2001-2005 yillar)da milliy dasturni to’liq ro’yobga chiqarish, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiy- iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda unga aniqliklar kiritish, 3-bosqich (2005 va undan keyingi yillar) da to’plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish asosida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish nazarda tutiladi. Dasturning 3-bo’limida kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarishdan iborat ekanligi ko’rsatilgan. Bunda shaxs — kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’yekti va ob’yekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarning iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchisi, davlat va jamiyat esa, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi kadrlar tayyorlash va ularni qabul qilib olishning kafillari sifatida bayon qilingan. Uzluksiz ta’lim esa, malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo’lib, u maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari), oliy ta’lim (bakalavriat va magistratura), oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim (aspirantura, ad’yunktura, doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik), kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim turlarini o’z ichiga oladi. Fan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi hamda ulardan foydalanuvchi, ilgor pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchidir. Ishlab chiqarish kadrlarga bo’lgan ehtiyojni, shuningdek, ularning tayyorgarlik sifati va saviyasiga nisbatan qo’yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimini moliya va moddiy-texnika jihatidan ta’minlash jarayonining qatnashchisidir. Dasturning 4-bo’limida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari bayon qilingan. Bular ta’limning uzluksizligini ta’minlash, pedagog va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamon talablariga moslashuvchan, ta’limning yuqori sifatli va barqaror rivojlanishini ko’zlovchi tizimini vujudga keltirish, ta’lim jarayonini mazmunan isloh qilish, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy milliy madaniy-tarixiy an’analariga, urf-odatlari hamda umum- bashariy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy, pedagogik shakl va vositalari ishlab chiqilib amaliyotga joriy etish, iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarni aniqlashdan iborat. Shuningdek, uzluksiz ta’lim tizimi va kadrlar tayyorlashning davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tarkibiy jihatdan o’zgartirish qamda ularni izchil rivojlantirishni davlat yo’li bilan boshqarish, kasb-hunar ta’limi sifatini nazorat qilish tizimini shakllantirish, ta’lim tizimini moliyalashni takomillashtirish, mavjud ta’lim muassasalarini kapital ta’mirlash va yangi ta’lim mu- assasalari qurish, ularni normativ talablarga muvofiq, zamonaviy texnika va texnologiyalar darajasini hisobga olgan holda jihozlanishini ta’minlash, ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga keltirish, ta’lim xizmati ko’rsatish bozorini rivojlantirish, ta’lim sohasida ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash hamda bu sohani davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash, fan bilan ta’lim jarayoni aloqalarini, ishlab chiqarish va ta’lim tizimi integratsiyalashuvini, ta’lim va kadrlar tayyorlashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham ta’lim tizimini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlaridir. Dasturning 5-bo’limida milliy dasturni ro’yobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlar belgilangan. Dasturdan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning asarlari va nutqlarida ta’lim masalalari bo’yicha qayd etilgan tamoyillarning barchasi o’rin olgan. Dastur qabul qilinganidan so’ng respublika butun ta’lim tizimini tubdan isloh qilishning aniq strategik yo’nalishiga ega bo’ldi va bu borada bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, respublikaning 24 maktabida umumiy o’rta ta’limning 23 o’quv predmeti mazmunini yangilash, o’quvchilar bilimini baholashning yagona reyting tizimini joriy etish yuzasidan tajriba-sinov ishlari o’tkazildi. Ularning natijalari asosida umumiy o’rta ta’limning barcha sohalaridan davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari, yangi darsliklar ishlab chiqildi. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tarmog’ini barpo etish hamda ularni samarali ishlashi uchun barcha shart- sharoitlar yaratish bo’yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tarkibida o’rta maxsus, kasb-xunar ta’limi markazi barpo etilib, litsey va kollejlar shu markaz ixtiyoriga o’tkazildi. 2000 yilgacha bakalavriat yo’nalishlari bo’yicha 251 davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi, dasturning kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash yo’nalishi bo’yicha 71 o’qituvchining chet ellarda, 980 o’qituvchining chet el o’qituvchilarini jalb etish yo’li bilan malakasi oshirildi. Dastur muvaffaqiyat bilan rivojlanib, O’zbekiston Respublikasi ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lib qolishiga ishonchli kafolatdir. Ad.: Barkamol avlod orzusi T., 2000. Asqarali Sulaymanov.