Shtopor

Shtopor (gollandcha — tiqin) — 1) aviatsiyada — samolyotning barcha uch o’qi atrofida o’z-o’zidan aylanib va kichik radiusli spiral hosil qilib xavfli pasayishi. Samolyot ataka burchagidan chetga chiqqanda yuz beradi. Shtoporning o’naqay, chapaqay, tik, qiya, tekis, turg’un va noturg’un xillari bo’ladi. Shtopor ko’pincha uchuvchining xatosi tufayli yuz beradi. Ba’zan, mashq qilish va sport maqsadlarida uchuvchi samolyotni ataylab Shtopor holatiga kiritishi mumkin. Samolyotni ataylab Shtopor holatiga kiritish yoki undan chiqarishni birinchi marta 1916 yilda rus harbiy uchuvchisi K. K. Arseulov amalga oshirgan. Keyinchalik ingliz olimi G. Glasert, rus olimi V.S. Pishnov Shtoporning nazariy asosini yaratishgan. Hozir samolyotni Shtopor holatidan chiqarish oddiy ishga aylanib qolgan. Sinov uchishlari paytida Shtoporga qarshi parashyutlar yoki raketalar qo’llanadi; 2) yo’g’on (10-20 millimetr diametrli) po’lat simni spiralsimon shaklda burab tayyorlanadigan burg’isimon asbob (qoziq). Bir uchida arqon (kanat) bog’lash uchun halqa bo’ladi. Shtoporni yerga, daraxtga yoki muzga burab kirgizib, halqasiga samolyot, vertolyot, kichikroq kemalar, palatkalar arqon bilan bog’lab (shvartovka) qo’yiladi; 3) rezina, po’kak tiqinli butilkalar va boshqalar idishlarning tiqinini burab chiqarish uchun ishlatiladigan asbob. Bir uchida spiralsimon rezba, 2-uchida halqasi yoki bandi bo’ladi.