Shovodxo’ja bobo maqbarasi

Shovodxo’ja bobo maqbarasi — Xorazm viloyati Urganch tumanidagi me’moriy yodgorlik (17— 18-asrlar). Maqbara to’rtburchak tarhli (8,4×7,33 metr), peshtoqgumbazli, bir xona (go’rxona, tarhi 5,22×5,20 metr) dan iborat; bezaksiz. Go’rxona va peshtoq binoning yaxlit shaklini hosil qilgan. Peshtoq yuqori tomon ingichkalashib borib, g’ishtin sharafalar bilan yakunlangan, yuzasining ikki yonlari yassi tokchalarga bo’lingan. 2 pog’onali asosga o’rnatilgan mahobatli gumbaz peshtoq bilan mutanosib. Go’rxona ichi oddiy, xona devorlari ravoqli bag’allar bilan birikib, yarimgumbazlar hosil qilgan, ularga muqarnaslar ishlangan. Maqbaraning tashqi tomonidagi g’isht choklari pardozlangan, yagona bezagi — yon tomonlaridagi derazalariga o’rnatilgan ganch panjaralar.