Xotta Yoshie
Xotta Yoshie (1918.17.7, Toyama 1998.5.9, Yokoxama) — yapon yozuvchisi. Keyo universitetining frantsuz adabiyoti bo’limini tugatgan (1942). Talabalik yillarida she’rlar yozgan. 1945 yilda Xitoyga madaniy faoliyat uchun yuborilgan va Shanxayda yapon yozuvchilari bilan tanishgan. Yaponiyaga qaytgach, Xitoyda orttirgan tajribasiga asoslanib, «To’lqin ostida» (1948), «Vatandan ayrilish» (1950) va boshqa romanlarini yozgan. «Vatan xoini» (1951) va «maydon yolg’izligi» (1951) romanlari ham bor. «Maydon yolg’izligi» romanida yapon ziyolilari, uning Koreya urushi paytida paydo bo’layotgan militarizmga nisbatan tashvishlari aks etgan. 1977 yildan Ispaniyada yashagan. 1978 yil Toshkentga kelgan. Xottaning iste’dodi uning ijtimoiy romanlarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Yaponiyaning 1939-45 yillardagi, 2-jahon urushining so’nggi yillari va urushdan keyingi dastlabki yillardagi faoliyati «haykal» (1955) romanida keng talqin qilingan, Xirosima fojiasi va urushning ma’naviy asoratlari muammosi «sud» (1960-63) va «ko’prikdagi manzara» (1970) romanlarida o’z aksini topgan. «Goya» (4 jildli, 1974-77) asari ham bor.