Xoja Mir Muhammad Salim
Xoja Mir Muhammad Salim, Muhammad Rustam Sulton o’g’li (17- asr oxiri — 18-asrning 1-yarmi) — tarixchi olim. Ashtarxoniy sultonlar oilasida tug’ilgan. Ubaydullaxon II o’ldirilgach (1711), haj qilish bahonasi bilan Arabistonga jo’nagan. Haj marosimidan keyin boburiylardan Nosiruddin Muhammadshoh (hukmronlik davri 1719-48) xizmatiga kirgan. Nosiruddin Muhammadshohning topshirig’i bilan u 1731 yilda fors tilida «Silsilat assalotin» («podsholar silsilasi») tarixiy asarini yozgan. Asar muqaddima va 4 qismdan iborat. Asarning 3—4-qismlari alohida qimmatga ega bo’lib, Buxoro xonligining 16— 18-asr 1-choragi tarixini o’z ichiga oladi. Asarda Buxoro xonlari va Dinmuhammadxonning Hindiston, Turkiya va Eron hukmdorlari bilan yozishmalari (20 ta maktub) matni keltirilgan. Shuningdek, asarda ulus tizimi, soliqdar, O’rta Osiyo shaharlari, aholisi va urfodati haqida kimmatli ma’lumotlar bor. Bu asarning qo’lyozmasi Bodli kutubxonasi (Angliya)da (inv. №269) saqlanadi. Ad.: Ahmedov B.A., O’zbekiston xalqlari tarixi manbalari, T., 1991.