Xoja Muxammad Islom ibn Xoja Ahmad
Xoja Muxammad Islom ibn Xoja Ahmad, Faxriddin Xoja Muhammad Islom, Xoja Islom Jo’yboriy (1493 — Buxoro—1563.15.9) — Jo’ybor xojalarining mashhur namoyandasi, Buxoro Shayx ulislomi. Buxoro xonlari Ubaydullaxon va Abdullaxon II ning piri. Xoja Muxammad Islom yoshligidan Naqshbandiya tariqati asoslarini puxta o’rgangan. Maxdumi A’zam unga ustozlik qilgan. Xoja Muxammad Islom keyinchalik naqshbandiylik tariqatini keng targ’ib qilgani uchun «piri Shastiy» unvoniga ham sazovor bo’lgan. Xoja Muxammad Islom yoshligidan davlat va siyosat ishlariga faol aralashgan. Buxoro hokimi Ubaydulla Sulton saroyida xizmatda bo’lgan. Xoja Muxammad Islom Abdullaxon II ning markazlashgan davlat tuzish yo’lidagi qattiqqo’l siyosatini qo’llab quvvatlagan. Buxoro xonligidagina emas, balki butun musulmon sharqida uning nufuzi baland bo’lgan. Hindiston, Eron, Koshg’ar, Badaxshon hukmdorlari u bilan xat yozishib turishgan. Movarounnaxrdagi siyosiy jarayonlarda Maxdumi A’zam vafoti (1542)dan so’ng Markaziy siymo (yirik diniy ulamo) sifatida asosiy rol o’ynagan. Abdullaxon II Balx hokimi Pirmuhammadxon taklifini qabul qilib, Buxorodagi hokimligini Balxdagi hokimlikka almashmoqchi bo’lganida Xoja Muxammad Islom Abdullaxon II bilan uchrashib, uni bu yanglish qaroridan qaytaradi (1561). Buxoro xonligida shu davrda qurilgan ko’plab me’moriy obidalar (masjidlar, madrasalar, hammomlar, sardobalar, ustaxonalar, savdo rastalari va kanallar, xonaqoh va boshqalar) ota-o’g’il: Xoja Muxammad Islom va Xoja Sa’duddin nomlari bilan bog’liqdir. Xoja Muxammad Islomning Gavkushon va Jo’ybor madrasalarida 8 ming jildlik ulkan kutubxonasi bo’lgan. U saxovatli va muruvvatli inson bo’lgani uchun Buxoro xalqi tomonidan «Qutbul G’avs» («Madadkor qutb»), ya’ni avliyo deb e’zozlangan.