Xitoylar

Xitoylar (o’zlarini xantszu, Xan’ deb ataydilar) — xalq. XXRning asosiy aholisi. Shuningdek, Xitoylar Tailand, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam, Birma, Filippin va Kambodjada yashaydi. Dunyoda son jihatdan eng ko’p xalq hisoblanadi. Umumiy soni taxminan 1,325 milliard kishi (2003 yil). Xitoy tilitsh so’zlashadilar. X.ning asosiy qismi mongoloid irqlarining tinch okean tarmog’iga, Xitoylarning kichik guruhlari esa Sharqiy Osiyo va Janubiy Osiyo variantiga mansub. Yozuvi ierogliflardan iborat. Dindorlari — asosan, budda diniga, daosizm, konfutsiylikka e’tiqod qiladi, Musulmonlar, xristianlar ham bor. Qadim zamonda Xitoylar Sya, xuasya deb nomlangan. Sya etnonimining Xanga aylanishi Xitoyni 2-marta birlashtirgan Xan sulolasi nomi bilan bog’liq. Xan etnonimi odatga kirgandan so’ng ushbu xalq tili xanyuy, yozuvi xantszi deb ataldi. Xitoylar 4000 yillik yozma tarixga ega bo’lib, ular ilk bor Xuanxe (Qoramuron) daryosi quyi oqimi bo’ylarida yashashgan. Xitoylar ajdodlari qatoriga miloddan avvalgi 2-ming yillikda turli xil madaniyatlar (Yanshao, Lun- Shan va boshqalar)ni yaratgan, Xuanxe va Yantszi daryolari havzasida dehqrnchilik bilan shug’ullangan qabilalar kirgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikda hozirgi Xenan, Shensi, Shansi viloyatlari hududida ibtidoiy jamoa munosabatlarining asosiy belgilari saqlanib qolgan in davlati paydo bo’ldi. Inliklarning G’arb tomonida ularga kardosh bo’lgan Chjou qabilalari yashab, ular miloddan avvalgi 11-asrda in davlatini istilo qilishgan. Miloddan avvalgi 11-3-asrlarda hozirgi Xitoy hududida in va Chjou xalqlarining avlodlari bilan aralashib ketgan turli xalqlar (man, jun, Di, i) yashagan. Shuningdek, miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalaridan Xitoy manbalarida Yantszi daryosidan Jan.da yashagan ko’p sonli Yue qabilasi ham tilga olingan. Bu qabilalarning ko’pchiligi, asosan, tay xalqlarining, shuningdek, indonezlar, vetnamlar va monkxmer xalklarining ajdodlari hisoblangan. Xitoylarning o’ziga xos mentaliteti, an’anasi, urf-odatlari, axloq normalari, milliy g’oyasi va madaniyati mavjud. Asosan, qishloq xo’jalik (sholi, paxta yetishtirish), pillachilik, bog’dorchilik, choy yetishtirish bilan shug’ullanadilar. Xitoy chinnisi dunyoda juda mashhur.