Xoja Ahror majmuasi

Xoja Ahror majmuasi — Samarqand atrofidagi me’moriy yodgorlik (15-20-asrlar); Samarqand tumanidagi Ulug’bek qishlog’i hududida. Xoja Axror qabri yaqinida turli davrlarda bunyod etilgan Nodir Devonbegi madrasasi, ikki ayvon, masjid, minora hamda hovuzli hovlidan iborat majmua. Majmuaning markazi 8 yoqli hovuz, uning Janubda Xoja Axrorning oq marmarli qabrtoshi bor, qabrtoshiga Arab yozuvida husnixat bilan marsiya yozilgan. Shimolda Nodir Devonbegi madrasasi, to’rtburchak hovlining atrofida hujralar joylashgan; hovlining g’arbida ayvon bor, bezaklari 17-asrga xos, marmar kursili ustunlar boshasi muqarnasli, shifti 3 qismga bo’linib, yulduzsimon shakldagi hovuzaklar ishlangan. Ikkinchi murabba tarxli ayvonning Sharqiy tomoni ochiq, qolgan uch tomoni kalin devor bilan o’ralgan, devorlariga chuqur ravoqlar ishlangan; yon tomonidan masjidga kiriladi. Masjid sinchli bino bo’lib, to’g’ri to’rtburchak tarxli, yog’och ustunto’sinli, shifti vassali, nafis naqshlar bilan serhasham bezatilgan. Masjid izorasiga koshinkori naqshlar ishlangan, mexrob va ravoqlari muqarnaslar bilan to’ldirilgan, yuqoridagi hoshiya qatorlar qirma usulida bajarilgan. Hujralar hovlining shim.da joylashgan, sodda, bezaksiz. Hovuz yonida tagi 6 qirrali minora qad ko’targan. Ta’mir vaqtida tomi tunuka bilan yopilgan. Ta’mirlashda usta Sa’dulla (1909), ganchkor usta T. Ismoilov (1921), duradgor usta Hafiz va boshqalar qatnashgan. Ad.: Zaxidov P., Samarkandskaya shkola zodchix, T., 1965.