Xioniylar

Xioniylar — turkiy qabila. Ba’zi tadqiqotchilar fikriga kura, dastlab Oltoy tog’lari atrofida yashashgan va 4-asrning 1-yarmida Janubi g’arbga siljib, Amudaryo va Sirdaryo oralig’iga kirib kelishgan. Bu erda dastlab ular Zarafshon vohasini egallab, Janubga harakat qilishgan va ancha zaiflashib, sosoniylar Eroniga qaram bo’lib qolgan Kushon podsholigi o’rnini egallaganlar hamda markazi Toxariston bo’lgan Shimoliy Hindiston, Afg’oniston, Xurosonning bir qismini ham o’z ichiga olgan Xioniylar (Xionitlar) davlatini (4— 5-asrlar) barpo qilishgan. Boshqa bir guruh tadqiqotchilar esa Xioniylarning dastlab Orol dengizi shimolda yashaganligi va yirik massaget qabilalar Ittifoqiga mansub bo’lib, hunlar bilan aralashganligini ta’kidlaydilar (L.N. Gumilev, S.P. Tolstov, K.V. Trever). Ularning fikricha, yunon va lotin tilidagi asarlarda Xioniylar «oq hunlar» deb atalgan. 4-asrning 70-yillarida Xioniylar sosoniylar Eroniga qarshi hujum uyushtirib, muvaffaqiyatga erishganlar. Shuningdek, sosoniy podsholar Varaxran (418— 438), Yazdigard II (438-457) davrlarida ular Eronning eng yirik raqibiga aylanganlar. Xioniylar hukmronligi davom etayotgan bir paytda yangi bir sulola — kidariylar o’rtaga chiqqan. Ular Oltoy tog’lari va Sharqiy Turkiston oralig’idan Janubi g’arbga siljib, 420 yilda Bolo (Naxshab) shahrini o’ziga qarorgoh qilishgan va xioniylar davlati bilan qo’shni bo’lib qolganlar. 5-asrning 2-yarmida Xioniylar va kidariylar davlati hududini o’z ichiga olgan yangi bir davlat eftaliylar sulolasi o’rtaga chiqadi va 6-asrning 60-yillarigacha Markaziy Osiyodagi eng yirik davlatga aylanadi. Ad.: Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.