Magnit kuchaytirgich

Magnit kuchaytirgich — elektr signallarini kuchaytirish uchun mo’ljallangan qurilma. Magnit kuchaytirgichda boshqariladigan elementlar ferromagnit o’zakli induktivlik g’altaklari hisoblanadi. Ularda ikki o’zgaruvchan magnit maydon mavjud bo’ladi: biri — ta’minlash manbai chastotasida, ikkinchisi — kuchaytiriladigan signal chastotasida o’zgaradi. Magnit kuchaytirgich lampali va tranzistorli kuchaytirgichlardan keskin farq qiladi. Magnit kuchaytirgich ko’proq o’zgarmas tok yoki sekin o’zgaradigan o’zgaruvchan tok signallarini kuchaytirishda ishlatiladi. Kuchaytiriladigan signallar chastotalari diapazonini yuqoriroq chastotalar tomonga kengaytirish uchun Magnit kuchaytirgich lampali, yarimo’tkazgichli, elektr mashina kuchaytirgichlari va boshqalar bilan birgalikda qo’llaniladi. Magnit kuchaytirgich aniq o’lchash asboblarida yirik agregatlar (prokat stanlari, ekskavatorlar va boshqalar) ni avtomatik boshqarish qurilmalari va boshqa sohalarda keng ishlatiladi.