Hurufiylar
Hurufiylar — 14-15-asrlarda Eronda vujudga kelgan Islom ta’limotidan yiroqlashib ketgan shia firqalaridan birining tarafdorlari. Firqaga Fazlulloh Astrobodiy (taxminan 1340—taxminan 1401) asos solgan. 1386— 87 yillarda u o’z ta’limotini targ’ib qilib chiqqan. U Arab harflari sirli mazmunga ega degan ta’limotni ilgari surgani uchun alhurufiy (lug’aviy ma’nosi «harfchi») taxallusini olgan, firqaning nomi shundan kelib chiqqan. Tarixiy ma’lumotlar bo’yicha, uni Amir Temur Shirvonga badarg’a qilgan, shu sababli Hurufiylar Temur va uning xonadonidan bo’lgan hukmdorlarga nafrat bilan qaragan. Temurning Eron va Ozarbayjon yerlarida hukmron bo’lgan o’g’li Mironshohni ular dajjol deb ta’riflagan. Hurufiylar tez vaqt ichida Eron, Ozarbayjon, Turkiya va Suriyada tarqalgan. Hurufiylar olam abadiy, insonda Xudoning qiyofasi aks etgan, olam taraqqiyotining har bir bosqichida Xudo qiyofasi insonda mujassamlanib namoyon bo’ladi, ana shunda insonning o’zi Xudo bo’ladi, oxirgi payg’ambar — Muhammad, avliyolarning birinchisi Ali, o’n birinchi Imom Hasan al-As-Kariy esa Imomlarning oxirgisi, Fazlulloh Astrobodiy — Xudo mujassamlashgan birinchi inson, degan ta’limotni ilgari suradi. Tez orada erga Mahdiy kelib, ilohiy adolat o’rnatadi, barchani teng qiladi, insonning insonga zulm qilishi tugaydi, deb kutadi. Ular mavjud hokimiyatga qarshi qurolli kurash tarafdori bo’lgan, 1426-27 yillarda Hirotda Temuriylardan bo’lgan hukmdor Shohruxga qarshi suiqasd uyushtirib, uni yarador qildi, lekin u tirik qoldi. Qo’lga olingan Hurufiylar maxfiy tashkilotining a’zolari beayov jazolandi va jasadlari olovda yondirildi. Hurufiylar qattiq ta’qib ostiga olindi va keyinchalik Eronda tugab ketdi.