Qazvin
Qazvin — Eronning shimoliy g’arbiy qismidagi shahar. Elburs tog’ining Janubiy etagida. Aholisi 292 ming kishi (1997). Transport yo’llarining muhim chorrahasi. Qishloq xo’jalik rayonining savdo markazi. Oziq-ovqat, ko’npoyabzal, to’qimachilik, oynashisha va elektrotexnika sanoati korxonalari mavjud. Gilam to’qiladi. Shahar Sosoniylar davridan ma’lum. O’rta asrlarda Qazvin orqali Erondan Janubiy Kavkazga boriladigan savdo yo’li o’tgan. 1220 yilda shaharni mo’g’ul bosqinchilari buzib tashlagan. Keyinroq qayta tiklanib, Eronning madaniyat markazlaridan biriga aylangan. 16-asrda shahar ayniqsa ravnaq topgan. O’sha davrda Qazvin miniatyura maktabi shakllangan. 1548-98 yillarda Safaviylar davlati poytaxti bo’lgan. 18-asrda o’z mavqeini yo’qotgan. Me’moriy yodgorliklardan jome masjidi (12— 17-asrlar), Haydariya masjidi (12-asr) va boshqalar saqlangan.