Shorahimov Shonazir

Shorahimov Shonazir (1908.5.5 Toshkent — 1968.1.9) — teatr rassomi, o’zbek milliy professional teatrining dastlabki rassomlaridan. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1940). Shorahim Shoumarovning o’g’li. Toshkentdagi tasviriy san’at kurslarida o’qigan; Leningrad badiiy sanoat texnikumini tugatgan (1928). Yosh tomoshabinlar teatrida rassom (1928-29), Buxoro teatrida bosh rassom (1929-32), Navoiy teatrida rassom, bosh rassom (1932-43), Muqimiy teatrida bosh rassom (1943— 48). Shorahimov yaratgan dekorasiya eskizlari tarixan haqqoniy, sahnaviy kenglik muvaffaqiyatli hal etilgan, ranglar sofligi, uyg’unligi bilan ajralib turadi: yosh tomoshabinlar teatri «Dodho» (1929), «beshlar» (1930), «olis yo’l» va boshqalar; Navoiy teatrining «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «ichkarida» (1933), «Gulsara» (1935) musiqali dramalari, «Arshin mol olon» (1937) musiqali komediyasi, «Shohida» baleti (1939), «Layli va Majnun» operasi (1940) va boshqalar; Muqimiy teatrining «Oltin ko’l» (1949), «Nurxon» (1952) va boshqalar; Buxoro teatrining «Hamza», «Arafa» (1931), «Burgut yanchildi», «Halima» (1932), «G’unchalar», «Alpomish», «yangi yer», «qutlug’qon» va boshqalar spektakllari dekorasiyasini yaratdi. «Farhod va Shirin», «Gulsara» (musiqali drama), «Layli va Majnun» (opera) spektakllariga yaratgan sahna bezaklarida uning badiiy mahorati namoyon bo’ldi.