Shorahimov Tuyg’un Shonazirovich

Shorahimov Tuyg’un Shonazirovich (1939.20.4, Toshkent) — teatr rassomi, Qoraqalpog’iston (1973) va O’zbekiston (1983)da xizmat ko’rsatgan san’at arbobi. Rassomlik san’ati sirlarini otasi Shonazir Shorahimovdan o’rgangan. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan (1957). 1957 yildan Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida rassom; 1960 yildan Navoiy teatrida rassom, 1973— 96 yillar bosh rassom. Shorahimov spektakllarning asar ruhiga mos, uning g’oyasini tomoshabinga yetkazib beradigan sahnaviy ko’rinishlarini yaratdi: Navoiy teatrining opera («monastirda O’qilgan nikoh», «Yoriltosh», «Layli va Majnun», «Zebunniso», «Evgeniy Onegin» va boshqalar) hamda balet («Boqchasaroy favvorasi», «momaqaldiroq yo’li», «Don Kixot», «Sevgi va shamshir», «Rustam haqida Doston», «doktor Voyjonim» va boshqalar) spektakllari. Shorahimov, shuningdek, Qarshi («Hamza»), Toshkent (Hamza teatrining «Alisher Navoiy»; yosh tomoshabinlar teatrining «Toshkent — non shahri»), Buxoro («Ibn Sino») kabi respublika teatrlarining bir qator spektakllarini badiiy bezadi.