Shiru shakar, san’ati mulamma’

Shiru shakar, san’ati mulamma’ — ma’lum tartib bilan 2 tilda yozilgan she’r; shunday she’r yozish usuli. O’zbek she’riyatidagi Shiru shakarda she’rning 1-misrasi o’zbekcha, 2-misrasi forscha yoki arabcha, fors she’riyatida esa aksincha, 1-misra forscha, 2-misra O’zbekcha (turkiy) yoki Arabcha bo’lishi mumkin. O’n baytgacha Arabcha, keyin forscha aytilgan she’rlar ham bor. Taxminan 15-asrdan bunday uslub «Shiru shakar»deb yuritiladi. Yusuf Amiriy «Bang va chog’ir munozarasi» asarida chog’ir va bangni sut bilan shakarga o’xshatib, «Shiru Shakartek bir-biri birlan qarin», deydi. Uch tilda yozilgan she’r shahdi shiru shakar deb atalgan. Shiru shakar elementlari G’arbiy Yevropa va rus adabiyotida ham mavjud. 15-asrda Italiyada bu xil asarlar «makaronik poeziya» deyilgan. 18-19-asrlarda bu she’riyat namunalari Rossiya yozuvchilari ijodida ham ko’rindi. Lekin yaratilish usuli va maqsadiga ko’ra Shiru shakar bilan makaronik poeziya aynan bir hodisa emas. Odatda Shiru shakar lirik, makaronik she’rlar hajviy, yumoristik xususiyatga ega. O’zbek she’riyatida Shiru shakar S. Ayniy, Hamza, G’.G’ulom, S. Abdulla, E. Vohidov va boshqalar ijodida uchraydi.