Shilliq parda
Shilliq parda — odam va hayvon organizmidagi hazm va nafas olish a’zolari, siydiktanosil sistemalari, burun, o’rta quloq bo’shliqlari, bezlarning chiqaruv yo’llari ichki yuzasini qoplab turuvchi qavat. Qalinligi 0,5— 4 millimetr. Uning yuzasi shu sohadagi bezlar ishlab chiqaradigan shilliq bilan doimo namlanib turadi, bu esa hujayralarni qurib qolishdan saqlaydi. Shilliq parda bir yoki bir necha epitelial qavatdan, biriktiruvchi to’qima va musqul plastinkalari (silliq muskul hujayralaridan hosil bo’lgan) dan iborat. Bulardan so’ng Shilliq pardani harakatga keltirib, uni boshqa to’qimalardan ajratib turadigan yumshoq biriktiruvchi to’qima joylashgan. A’zolar faoliyatiga ko’ra, Shilliq parda epiteliysi ko’p qavatli yassi, bir qavatli tsilindrik, prizmatik, kubsimon, kiprikli (nafas yo’llarida), uning yuzasi esa silliq, burmali, vorsinkali (masalan, ingichka ichakda Shilliq parda burma va vorsinkalar hosil qiladi) bo’lishi mumkin. Shilliq pardaning asosiy va shilliq osti qavatlarida qon hamda limfa tomirlari, follikulalar, murtaklar, bezlar, shuningdek, nerv oxirining tarmoqlari bor. Shilliq parda bezlari bir va ko’p hujayrali hamda murakkab bo’lishi mumkin.