Shahrixon tumani

Shahrixon tumani — Andijon viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. G’arbdan bo’z, shimoldan Baliqchi, Oltinko’l, sharqdan Asaka, Jandan Farg’ona viloyatining Quva tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,33 ming km2. Aholisi 215,3 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Shahrixon), 12 qishloq fuqarolari yig’ini (Abdubiy, Guliston, Nazarmahram, Naynova, Paxtaobod, Toshtepa, Cho’ja, yuqori Shahrixon, Yangiyo’l, O’zbekiston, O’rta Shahrixon, Haqiqat) bor. Markazi — Shahrixon shahri. Tabiati. Tuman hududi Shahrixonsoyning keng yoyilmasida, Quva-Andijon adirlari bilan Qoradaryo o’rtasidagi tekislikda joylashgan. O’rtacha balandligi 400-680 metr. Tekislikning ustki qismi to’rtlamchi davr allyuvial yotqiziqlaridan tashkil topgan. Markaziy Farg’onaning ichki qismiga kirib boradi. Iqlimi kontinental; qishi yumshoq, yozi issiq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,5° dan -3,2° gacha, iyulniki 27°-29°, eng past temperatura -26°, eng yuqori temperatura 45°. Yiliga 300-350 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 212-216 kun. Tuproqlari bo’z, o’tloqi botqoq, o’tloqi bo’z, ba’zi joylarda qumoq sho’rxok tuproqlar. O’tloqi botqoq tuproqli joylarda yer osti suvi yuza (1-2 metr). Yovvoyi o’simliklardan ajriq, qamish, qiyoq, yantoq, oqbosh, ituzum, semizo’t, sho’ra, yalpiz, qirqbo’g’im va g’umay o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan faqat tulki, quyon uchraydi xolos; qushlardan olaqanot, chumchuq, qaldirg’och, bedana, qarg’a, laylak, hakka, zag’izg’on, musicha uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, rus, tatar, qirg’iz, tojik, uyg’ur, qozoq va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 652 kishi. Qishloq aholisi 154 ming kishi, shahar aholisi 61,3 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, ta’mirlash, to’qimachilik, tikuv-trikotaj korxonalari va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Qo’shma korxonalardan: O’zbekiston—Koreya «Kosmo Elektroniks KOLTD», O’zbekiston—Xitoy «rivojtyanjin», O’zbekiston—Hindiston «Rivoj-Norind», O’zbekiston-Germaniya «Interteks», O’zbekiston—Rossiya «Anteks» ishlab turibdi. Shahrixon tumanida 640 dan ortiq kichik korxona mavjud. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmoqlari paxtachilik va g’allachilik. Pillachilik ham rivojlangan. 16 shirkat, 580 dan ziyod fermer, 2 o’quv-tajriba xo’jaligi, 15 ta xususiylashtirilgan chorvachilik fermasi bor. Tumanda 16 ming gektar ekin maydonining 8,5 ming gektariga paxta, 6,5 ming gektariga bug’doy ekiladi. Shuningdek, sabzavot, poliz, ozuqa ekinlari va boshqalar mavjud. Meva, uzum yetishtiriladi. Shahrixon tumani jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 45,8 ming qoramol, 121,5 ming parranda, 300 ga yaqin yilqi boqiladi. Transportning asosiy turi avtomobil transportidir. Tumanda mahalliy va respublika ahamiyatiga ega bo’lgan avtomobil yo’llari uzunligi 400 kilometrdan ortiq. Asakadan Shahrixongacha 15 kilometr uzunlikda temir yo’l o’tkazilgan. Shahrixon tumanida 2004/05 o’quv yilida 63 umumiy ta’lim maktabi va 4 litseyda 54,3 ming o’quvchi ta’lim oldi (2004). 5 kasb-hunar kollejida 5 mingga yaqin talaba o’qiydi. Bolalar musiqa va sport maktablari bor. Markaziy kutubxona va uning 46 ta tarmog’i, muzey, madaniyat saroyi mavjud. 3 kasalxona (855 o’rin) va boshqalar tibbiy muassasalarda 310 vrach (har 10 ming aholiga o’rtacha 15 vrach) ishlaydi. Sanatoriy faoliyat ko’rsatadi. Tumandan S. Abdurasulov «O’zbekiston qahramoni» (1996) unvonini olgan. 1982 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Samarqand arxeologiya ilmiy tekshirish institutining olimlari tomonidan mahalliy olimlar bilan hamkorlikda tumandagi Kamoltepa tepaligida arxeologik qazishma ishlari o’tkazildi. Natijada bu tepalik 1— 4-asrlarda kulolchilik shaharchasi bo’lganligi aniqlandi. Tumanda hunarmandchilik (pichoqchilik, beshikchilik, do’ppido’zlik, misgarlik va boshqalar) qadimdan taraqqiy etgan. Shahrixon shahrida YUNESKO ro’yxatiga olingan Ponsod masjidi (1825) me’moriy yodgorligi saqlangan. Shahrixondan Andijon va boshqalar shahar va yirik aholi punktlariga avtobus qatnaydi. 1931 yildan «yangi hayot» tuman gazeta chiqariladi.