Shivaji
Shivaji (1627.6.4 yoki 1630.19.11 1680.3.4) — Hindistondagi marathalar davlati asoschisi (1674), marathalarning mustaqillik uchun kurashlari rahbari. Yirik mulkdor (jogirdor) va lashkarboshi Shohji (shoxu) oilasida tug’ilgan. Otasi Ahmadnagar va Bijaypur hokimlari xizmatida bo’lgan. 1646-55 yillarda Shivaji harbiy kuch, ayyorlik va pora bilan Maharashtraning shimoliy g’arbi va Shimoli Konkanning bir qismi, bir necha muhim qal’alarni egallab olgan. Bijaypur bilan bo’lgan urushda (1658-61) Shivaji bir necha muvafaqqiyatli hujumlar uyushtirib, unga qarshi yuborilgan sarkarda Afzalxonni o’ldirgan (1659), biroq Boburiylar bilan bo’lgan urush (1660-65) da yengilgan. Shivaji Avrangzeb saroyiga, Agraga borishga majbur bo’lgan, hibsga olingan, lekin 1666 yil qochgan. 1670 yil kurashni qayta boshlagan va o’z yerlari, mulklarini qaytarib olgan. 1674 yil u Raygarx (Raygad)da Maharashtraning oliy hukmdori sifatida tantanali suratda taxtga o’tirgan. 1675-78 yillarda Shivaji Kannara, Maysur va Karnatikga g’olibona yurishlar qilgan. Hayotining oxirda Shivaji qo’l ostida G’arbiy Maharashtraning barcha hududi, Shimoliy va Janubiy Konkan, G’arbiy Kannara, Maysurdagi qator viloyatlar va Karnatikning bir kismi (Tanjur atrofi) bor edi. Marathalarning xaloskori, mustaqil davlati asoschisi va hinduizm himoyachisi sifatida Shivaji marathalarning milliy qahramoni sanaladi.