Sharqiy Xitoy dengizi

Sharqiy Xitoy dengizi, dunxay — tinch okeandagi yarim yopiq dengiz, g’arbda Xitoyning Sharqiy qirg’oqlari, Janubda Tayvan oroli, Sharqda Yaponiyaning Kyusyu va Ryukyu orollari, shimolda Koreya bo’g’ozi orqali Yapon dengizi bilan chegaralangan. Maydoni 836 ming km2. Dengizning g’arbiy qismi materik sayozligida, chuqurligi sharqqa tomon ortib boradi. Eng chuqur joyi 2719 metr. Yqlimi mussonli, dovul ko’p bo’ladi. O’rtacha temperatura Fevralda 5° dan (shimoli g’arbda) 15° gacha (Janubi Sharqda), avgustda 26°. Yillik yog’in 1100 — 2200 mm (asosan, yozda yog’adi). Sharqiy qismida doimiy Sharqiy oqim — shimoliy passat iliq oqimi mavjud. Sharqiy Xitoy dengiziga quyiladigan eng yirik daryo — Yantszi dengizga katta miqdorda chuchuk suv keltiradi, shu sababli g’arbida suvning sho’rligi sharqiga nisbatan kamroq (5— 10%o dan 30-34,5%o gacha). Suv qalqishi yarim sutkalik (7,5 metrgacha). Baliq va boshqalar dengiz hayvonlari ovlanadi, tuz olinadi. Yirik portlari: Shanxay, Xanchjou, Ninbo, Szilun, Nagasaki.