ARXEOLOGIYA INSTITUTI

ARXEOLOGIYA INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti — O’zbekiston hududidagi moddiy madaniyat yodgorliklarini o’rganuvchi ilmiy muassasa. O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Tarix va arxeologiya instituti negizida (1970 yil) Samarqandda tashkil etilgan. Arxeologiya instituti O’zbekistonda olib boriladigan arxeologik tadqiqotlarga ilmiy-metodik rahbarlik qiluvchi markaz bo’lib, respublika hududidagi barcha moddiy madaniyat yodgorliklarida qazish ishlari olib borish uchun ruxsatnoma beradi. O’z tadqiqotlarini UzMU, SamDU, O’zbekiston ba San’atshunoslik instituti, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Tarix instituti va boshqa ilmiy muassasalar bilan muvofiqlashtirib olib boradi. Arxeologiya instituti xalqaro ilmiy dasturga binoan respublikaning kator viloyatlarida Frantsiya, Germaniya, Polsha, Italiya, Rossiya kabi mamlakatlar ilmiy markazlari bilan hamkorlikda arxeologik kazishmalar olib boradi (1984 yildan). Institutda tosh davri arxeologiyasi, Turon arxeologiyasi, Movarounnahr arxeologiyasi, ilmiy ishlab chiqarish bo’limlari; tarixiy yodgorliklarning kimyoviy va texnologik tadqiqoti hamda konservasiya qilish laboratoriyasi, kutubxona (55 mingdan ortiq asar) bor; Toshkent, Xiva va Termiz arxeologiya bo’limlari tuzilgan. 7 fan Doktori (3 akademik), 35 fan nomzodi, jami 90 ilmiy xodim ishlaydi. Institut «O’zbekiston moddiy madaniyati tarixi» nomli yillik to’plam nashr etadi (1959 yildan). U o’z faoliyatida arxeologik tadqiqotlarga bag’ishlangan 120 ta ilmiy monografiya (5 tasi ajnabiy tillarda) va turli jurnal va to’plamlarda mingdan ortiq maqolalar chop etdi. Arxeologiya institutida arxeologiyaning dolzarb masalalari buyicha bir necha xalqaro ilmiy anjumanlar o’tkazildi (1973, 1986, 1988, 1991, 1994, 1997). Institut xodimlaridan A. Asqarov, Yu. F. Buryakov, R. Sulaymonov, M. Isomiddinov, M. Filanovich, T. Xo’jayov va G. Shishkinalar O’zbekiston hududida ilk shahar madaniyatining shakllanishi hamda uning taraqqiyot bosqichlari tarixiga bag’ishlangan 14 monografiya uchun Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar (1985). Institut qoshida aspirantura va doktorantura, arxeologiya mutaxassisligi bo’yicha maxsus Doktorrlik ilmiy kengashi mavjud.