Shandun
Shandun — Xitoyning Sharqiy qismidagi provintsiya. Shandun oroli va qisman Buyuk Xitoy tekisligida, Xuanxe daryosining quyi qismida joylashgan. Sariq dengiz va uning Boxayvan qo’ltig’i suvlari urab turadi. Maydoni 153 ming km2. Aholisi 88,4 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Szinan shahri. Iqlimi mo’tadil, mussonli iqlim. Daryo ko’p, asosiy daryolari — Xuanxe, Veyxe. Ko’llardan Dunpinxu va Dushanxu Buyuk kanal bilan bog’langan. Shandun — mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlangan, muqim industrial rayoni. Konchilik rivojlangan: toshko’mir, neft, temir rudasi, boksit, grafit, tuz qazib olinadi. Neftni qayta ishlash — yetakchi sanoat tarmog’i. Szinan va Tsindao shaharlarida yirik qora metallurgiya zdlari, tsindaoda alyuminiy zavodi bor. Mashinasozlik ko’p tarmoqli: elektr jihozlari, vagonlar, to’qimachilik va qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarish, kemasozlik va boshqalar rivojlangan. Kimyo, qog’oz-tsellyuloza, ip gazlama, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Shandun — mamlakatning muhim qishloq xo’jalik rayoni. Asosiy ekini — bug’doy, shuningdek, dukkaklilar, tariq, sholi, gaolyan, makkajo’xori, batat, texnika ekinlaridan paxta, yer yong’oq, tamaki, kanop ekiladi. Mevali bog’ va tokzorlar bor. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, eshak, qo’y va echki, yilqi boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Dengizdan baliq va dengiz hayvonlari ovlanadi. Xuanxe, Syaotsinxe daryolarida, Buyuk kanalda kema qatnaydi. Yirik portlari: Tsindao, Yantay, Veyxay, Lunkou va Shidao. Tsindao dengiz kurorti bor. Sh. hududida Lunshan neolit davri madaniyati buyumlari topilgan. Miloddan avvalgi 8-3-asrlarda hudud Tsi va Lu podshohliklari tarkibida bo’lgan. Shandun — xitoylik faylasuflar Konfutsiy va Mentszining vatani. 17-asrning o’rtalaridan Xitoyning Shandun provintsiyasi.