Rus-turk urushlari
Rus-turk urushlari (18-19-asrlar) — Rossiya bilan Turkiya o’rtasida qora dengiz va uning atrofidagi hududlarga egalik qilish uchun olib borilgan urushlar: 1) 1735 — 39 yillardagi urush. Qora dengizga chiqish va qrimtatarlarning talonchilik yurishlariga chek qo’yish uchun Rossiya (Avstriya bilan ittifoqlikda) tomonidan olib borilgan. Rus qo’shinlari Azov, Ochakov, xotin, Yassini, 2 marta Qrimni egallagan. Belgrad sulh shartnomasi (1739)ga ko’ra, Rossiya Azovni o’ziga qaytarib olgan; 2) 1768 — 74 yillardagi urush. Rossiya o’z qo’shinlarini Polshadan olib chiqib ketishni rad etgandan keyin Turkiya tomonidan boshlangan. Ruslar tomonidan Larga va Kagulda turk qo’shinlari va Chesma jangida turk floti tormor etilgan, Qrim egallangan. Kuchuk—Qaynarja sulh shartnomasiga ko’ra, Rossiya Janubiy Ukrainaning Janubiy Bug daryosigacha bo’lgan hududini va qora dengizga erkin chiqish huquqini olgan; 3) 1787 — 91 yillardagi urush. Turkiya tomonidan Qrim va boshqa hududlarni qaytarib olish maqsadida boshlangan. A.V.Suvorov qumondonligidagi rus qushinlari Kinburn, Fokshana, Rimnik, Izmailda, F.F.Ushakov qo’mondonligidagi rus floti Kaliakriyada g’alaba qozongan. Yassi sulhi (1791)ga ko’ra, Qrimning Rossiyaga qo’shilishi tasdiqlangan va rus-turk chegarasi Dnestr daryosidan deb belgilangan; 4) 1806-12 yillardagi urush. Shimoliy Qora dengiz buyi va Kavkazdagi sobiq mulklarni qaytarib olish va Bolqonda Rossiya ta’sirining yoyilishi munosabati bilan Turkiya tomonidan boshlangan. Rus qo’shinlarining g’alabalari va M.M.Kutuzovnyat diplomatik san’ati Buxarest tinchlik shartnomasi (1812)ni imzolanishiga olib kelgan. Unga ko’ra, Bessarabiyaning Rossiyaga qo’shilganligi tasdiqlangan; 5) 1828-29 yillardagi urush. Gretsiya milliy ozodlik inqilobi (1821-29) tufayli Usmonli turk imperiyasida vujudga kelgan siyosiy inqiroz natijasida kelib chiqqan. Rus qo’shinlari Zakavkazeda Kare va Arzirumni egallagan, Bolgariyada turk qo’shinlarini tor-mor etib, Konstantinopolga yaqinlashib kelgan. Adrianopol sulh shartnomasi (1829)ga ko’ra, Kavkazning qora dengiz sohillari (Batumidan tashqari), Axaltsix rayoni Rossiyaga o’tgan. Gresiya mustaqillikka erishgan. Moldova, Valaxiya va Serbiyaga muxtoriyat huquqi berilgan. 6) 1877-78 yillardagi urush. Bolqonda milliy ozodlik harakatining kuchayishi va xalqaro munosabatlarning keskinlashuvi natijasida boshlangan. Asosiy voqealari: Shipkadagi jang, rus qo’shinlari tomonidan Plevna va Kare (Zakavkaze)ning qamal qilinishi va egallanishi, 1878 yil qishida rus armiyasining Bolqon tog’lari orqali o’tib, Shipkasheynovoda, Filippopolda g’alaba qozonishi, Adrianopolning egallanishi. Sanstefano sulxi (1878) bilan urush tugagan. Sulh qarorlari Berlin kongressi (1878)da qayta ko’rib chiqilgan. Unga ko’ra, Ruminiya, Serbiya va Chernogoriya mustaqillikka erishgan. Bolgariya turk mustamlakasidan ozod bo’lgan. Janubiy Ukraina, Bessarabiya, Qrim, Shimoliy G’arbiy Kavkaz, Kavkazning qora dengiz bo’ylari, Janubiy G’arbiy Gruziya va Turkiya Armanistonning shimoliy qismi Rossiyaga qo’shib olingan.