Ruda

Ruda — tarkibida metall yoki uning birikmalari ko’p miqdorda bo’lgan tabiiy mineral hosilalar. Ba’zan nometall mineral xom ashyolar (asbest, barit, grafit, oltingugurt) ham Ruda deb yuritiladi. Ruda tabiiy boy va kambag’al turlarga ajratiladi, shunga qarab uni boyitish zarurligi belgilanadi. Ruda bir foydali mineralli — monomineral yoki ko’p foydali mineralli — polimineral, jumladan, tarkibida sanoat ahamiyatiga ega bo’lmagan (ya’ni kam miqdorli) minerallar ham bo’ladi. Tarkibida foydali yo’ldosh minerallar (komponentlar) bo’lganlari kompleks Rudalar deb yuritiladi. Rudaning tarkibida bo’lgan minerallar miqdoriga qarab silikatli, oksidli, sulfidli, karbonatli va aralash turlari farq qilinadi. Barcha tub cho’kindi, magmatik va metamorfik tog jinslari tarkibida bo’lgan Rudalar tub Rudalar deyiladi; daryo, ko’l, dengiz va okean cho’kindilaridan olinadiganlari sochma Ruda deb yuritiladi. Qazib olish va qayta ishlash uchun Rudalarning qator xossalari ahamiyatga ega: qattiqligi, darzliligi, hajmiy og’irligi, erish harorati, magnit va elektromagnitligi, elektr o’tkazuvchanligi, radioaktivligi, erish va sorbtsion xususiyatlari, granulometrik tarkibi va boshqalar. Bir joyda joylashib, atroflari esa boshqa tog’jinslaridan iborat uyum Ruda tanasi (jism) deb ataladi va u turli (yapaloq, shtokverk, tomirsimon) shakllarga ega. Yaqin joylashgan bir nechta Ruda tanalari Ruda maydoni yoki konini hosil qiladi, Ruda koni bitta Ruda tanasidan iborat bo’lishi ham mumkin. Ruda konlari qora (temir, marganes, xrom, titan, vanadiy), rangli (mis, qo’rgoshin, rux, nikel, surma), yengil (alyuminiy), noyob (qalay, volfram, molibden, simob, berilliy, litiy, tantal, niobiy), asl (oltin, platina, kumush), radioaktiv (uran, toriy, radiy), tarqoq (aktiniy, gafniy, galliy, germaniy, indiy, kadmiy, protaktiniy, reniy, rubidiy, selen, skandiy, talliy, tellur, tseziy va boshqalar) va nodir metallar konlariga ajratiladi. Bir nechta Ruda konlari katta masofaga cho’zilib joylashganda rudali mintaqa deb nomlanadi. Masalan, Amerikaning Buyuk kumushli mintakasi Meksikadan Peru va Boliviyagacha davom etgan, Markaziy Afrikaning misli mintaqasi Zambiya va Kongo demokratik Respublikasida 450 kilometr masofaga cho’zilib, 150 dan ortiq mis konlarini qamrab olgan; Janubiy Amerikaning misli mintaqasi 4 ming kilometrga cho’zilib, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Argentina, Chili mamlakatlarida joylashgan Ruda konlaridan iborat. Geografik va geologik jihatdan alohida ajralib turgan yakka yoki bir necha Rudali formatsiyalarga ega bo’lgan mintaqa Rudali rayon deb ataladi (masalan, Farg’ona surmasimob rni, Angrenolmaliq rayoni, Qizilqum oltin Rudali rayoni).