Royal

Royal (Fransuzcha royal — qirol) — torli urma klavishli musiqa cholg’u asbobi, fortepiano turi. Royal torlari, deka (rezonans taxtasi) va mexanikasi gorizontal joylashgan, torlarining uzunqisqaligiga ko’ra, moslangan qanotsimon korpusi 3 ta oyoqqa o’rnatilgan. Kattakichikligiga ko’ra, min’on (uzunligi 1,5 metrgacha), kabinet (1,6—1,8 metr), salon (2 metr atrofida) va kontsert (3 metrgacha) turlari bor. Diapazoni 7 yoki 7/4 (salon va kontsert Royallarda) oktava. Diapazon va dinamik imkoniyatlar kengligi, tovushlar tembri rang-barangligi, garmoniya va polifoniya vositalarining boyligi tufayli Royal Yevropa musiqa madaniyatida mukammal musiqa cholg’u asbobi sifatida asosiy o’rin tutadi (18-asr oxiridan). Royal ishlab chiqaradigan eng mashhur firmalar: «Blyutner», «Bexshteyn», «avgust Fyorster» (Germaniya), «Pleyel» (Frantsiya), «Stenvey» (AQSh), «Petrov» (Chexiya) va boshqalar. O’zbekistonda Royal 19-asrning 2-yarmidan paydo bo’lgan. O’sha davr mahalliy ziyolilari (Furqat va boshqalar) Royalning boy ijro va ifoda imkoniyatlarini olqishlagan.