Rozmarin

Rozmarin (Rosmarinus) — labguldoshlar oilasiga mansub o’simliklar turkumi, efir moyli ekin. O’rta dengiz havzasida 1-3 turi usadi. Doim yashil buta. Bo’yi 1,5—2 metrcha. Bargi va to’pgulidan efir moyi olinadigan dorivor Rozmarin (Rozmarin officinalis), asosan, Yevropa mamlakatlarida, shuningdek, Qrim va Kavkazda o’stiriladi. Qalamchasidan, kamdan-kam urug’idan ko’paytiriladi. 2-3 yillik ko’chatlari ekiladi. Ekilgandan keyin 2—3-yildan boshlab bargi va to’pguli yig’ib olinadi. Hosildorligi 40-120 ts/ga. Bargi va to’pguli tarkibida parfyumeriya va tibbiyotda ishlatiladigan 1,5 — 2,5% (quruq moddaga nisbatan) efir moyi, 0,5% gacha rozmarisin va b. alkaloidlar, ursol va rozmarin kislotalari bor. Butalari 7 — 9 yilda yoshartiriladi. Rozmarin 20-25 yil hosil beradi.