Roden (Rodin) Rone Fransua Ogyust
Roden (Rodin) Rone Fransua Ogyust (1840.12.11, Parij — 1917.17.11, Myodon, Parij yaqinida) — frantsuz haykaltaroshi; haykaltaroshlikda impressionizm asoschilaridan. Mikelanjelo, Donatello ijodini o’rgangan hamda gotika haykaltaroshligidan ilhomlangan. Roden ijodiga xos bo’lgan dadillik, murakkab harakatlarni ifodalashdagi jonlilik ilk asarlaridayoq namoyon bo’ldi («bronza asri», gips, 1877; «Kale fuqarolari» haykallar guruhi, bronza, 1895 va boshqalar). 1880 yildan umrining oxirigacha Dantening «Ilohiy komediya»si, antik afsonalar, Bibliya rivoyatlari va boshqalar ta’sirida «do’zax darvozasi» gorelef kompozitsiyasi ustida ishladi; mustaqil asarlar yaratdi («Mutafakkir», bronza, 1888 va boshqalar). Rodenning realistik portretlari («J.Dalu», 1883; «V. A.Motsart», 1910 va boshqalar), monumental haykallari («V.Gyugo», 1886— 1900; «O.Balzak», 1887 va boshqalar), inson go’zalligi, sevgi mavzuidagi shoh asarlari («bo’sa», 1886; «mangu bahor», 1897 va b.) mashhur. Roden ijodiga xos bo’lgan nur va soya keskinligi, shakllar tasviriyligi (ba’zan o’quvchanligi) uni impressionizm asoschisiga aylantirdi. Asarlari, rasm va ofortlari, asosan, Parijdagi Roden muzeyida saqlanadi. Roden ijodi 20-asrda turli oqimlarda ijod qilgan haykaltaroshlarga dadil ijodiy izlanishlariga turtki bergan.