Rossiya fanlar akademiyasi
Rossiya fanlar akademiyasi — Rossiya Federatsiyasining oliy ilmiy muassasasi. 1991 yil ta’sis etilgan. Tarixi 1724 yilda tashkil etilgan Peterburg Fanlar Akademiyasidan boshlanadi. 1917-25 yillarda Rossiya Fanlar Akademiyasi, 1925-91 yillarda SSSR Fanlar akademiyasi (o’zbek olimlaridan O. Sodiqov akademiyaning haqiqiy a’zosi, S. Yunusov, P. Habibullayev, E. Yusupov muxbir a’zolari etib saylangan) deb nomlangan. Akademiya Prezidiumi 1934 yildan Moskvada. O’zini o’zi boshqaradigan ilmiy tashkilot. Sobiq SSSR Fanlar Akademiyasining a’zolari va yangi saylangan akademiklar Rossiya Fanlar Akademiyasining a’zolaridir. 440 dan ortiq haqiqiy, 600 dan ziyod muxbir a’zosi, 120 dan ortiq xorijiy a’zosi bor. Fan tarmoq va yo’nalishlari bo’yicha 18 bo’limi (matematika umumiy fizika va astronomiya; yadro fizikasi; energetikaning Fizika-texnika masalalari; informatika, hisoblash texnikasi va avtomatlashtirish; mashinasozlik, mexanika va boshqaruv jarayonlari masalalari; umumiy va texnik kimyo; noorganik materiallar fizika kimyosi va texnologiyasi; fiziologik faol birikmalar biokimyosi, biofizikasi va kimyosi; fiziologiya; umumiy biologiya; geologiya, geofizika, geokimyo va tog’-kon fanlari; okeanologiya, atmosfera fizikasi va geografiya; tarix; falsafa va huquq; iqtisodiyot; jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar; adabiyot va til), mintaqaviy bo’linmalari (Sibir, Ural, uzoq Sharq) va ilmiy markazlari, 300 ga yaqin ilmiy muassasasi, 200 dan ziyod ilmiy kengash, Ilmiy tadqiqot floti bor. Ilmiy adabiyotlar nashr etadi. Ilmiy kadrlar tayyorlaydi. Olimlarning ilmiy ishlari uchun medallar va mukofotlar ta’sis etilgan. SSSR va Rossiya Fanlar Akademiyasining akademiklari I.E. Tamm, I.M.Frank, P.A.Cherenkov, N.G.Basov, A.M.Proxorov, P.L.Kapisa, N.N.Semyonov, I.P.Pavlov, A.I.Soljenisin, M.A.Sholoxov, A.D. Saxarov, L. V. Kantorovich, J. I. Alfyorov, Aaabrikosov, V.A.Ginzburg turli davrlarda Nobel mukofotiga sazovor bo’lishgan. Xalqaro ilmiy alokalar olib boradi. Prezidenta — Yu.S .Osipov (1991 yildan).