Radiatsion gigiena
Radiatsion gigiena — radioaktiv moddalar va ionlovchi nurlarning inson organizmiga ta’sirini o’rganadigan fan, gigienaning bir bo’limi. Radioaktiv moddalar bilan ishlaydigan kishilar va umuman aholini nurlanishdan saqlash uchun sanitariya-gigiena qonun-qoidalarini ishlab chiqadi. Radiatsion gigiena mustaqil fan sifatida 1946 yil (AQShning tinch okeanda o’tkazgan yadro quroli sinovidan so’ng) yuzaga keldi. Radiatsion gigiena, asosan, ionlovchi nur manbalari bo’lgan korxona yoki muassasalar binosi, hududi va hokazolarning dozimetriyasi masalalari bilan shug’ullanadi, radio-izotoplar, rentgen apparatlari, gamma nurlar bilan ishlaydigan ishchilarning individual dozimetriyasini nazorat qiladi, mehnat gigienasi muammolarini hal qilish va atom sanoati korxonalari, uran, toriy konlari, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik va boshqa sanoat korxonalari ishchilarining radiatsion xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini ko’radi. Shuningdek, tashqi muhit (havo, yer, suv va o’simliklar) ni radioaktiv moddalar bilan ifloslanish jarayonlari va bu muhitning aholi sog’lig’iga, inson nasliga ta’sirini o’rganadi. Radioaktiv moddalar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-ekspertiza qilish usullarini ishlab chiqadi va radioaktiv chiqindilarni yo’qotish ustidan sanitariya nazorati olib boradi.