Renuar (Renoir) Per Ogyust
Renuar (Renoir) Per Ogyust (1841.25.2, Limoj — 1919.17.2, Kansyurmer) — frantsuz rassomi, grafik va haykaltarosh; impressionizm namoyandasi. 50-yillarda chinni, parda, yelpig’ichlarga rasm (gul) ishlash bilan shug’ullangan. 1862-64 yillar nafis san’at maktabida o’qigan. Shu davrda K. Mone, A. Sisley, F. Bazil bilan tanishgan. Dastlabki asarlarini G. Kurbe, E. Mane ta’sirida yaratgan. 60-70-yillar chegarasida plenerda ijod qilishga o’tgan Renuar inson shaklini o’zgaruvchan nur havo muhitida tasvirlaydi («Senada cho’milish», 1869; «loja», 1874), tabiat bilan uyg’un tabiiy muhit, insonlar munosabati, hayotiy vaziyatlar rassomni o’ziga tortadi, ayniqsa, bayramona hayot tarzi (bal, raqs, sayr va hokazolar)da jo’shqin va quvnoq hayotni aks ettiradi («Mulen de la galet», 1876 va boshqalar); ayollar obrazi rassom ijodida go’zal maftunkorligi bilan alohida o’rin tutadi («tushlikdan so’ng», «Soyabonlar» — 1879; «yalangoch ayol», 1876; «J. Samori portreti», 1877 va boshqalar). Renuar hayot oqimidan aniq yulib olingan, ayni paytda muhrlangan lahzali asarlar yaratib, impressionizm asoschilaridan biriga aylandi; monoxrom rangtasvirda ajoyib kolorist sifatida namoyon bo’ldi («Qora kiyimdagi qizlar», 1883); yengil va mayin chizig’i bilan ajralib turuvchi rasmlar yaratdi.