Relef

Relef (Fransuzcha relief, lotincha Relevo — ko’taraman) (geografiyada) — yer yuzasi, okean va dengiz tubidagi tashqi ko’rinishi, o’lchamlari, kelib chiqishi, yoshi va rivojlanish tarixiga ko’ra turli-tuman notekisliklar: tog’, tekislik, Pasttekislik, adir, yassitog’, tepalik, qir, vodiy, botiq, soylik, jarlar va boshqa past-balandliklar majmui. Relef kattaligiga ko’ra quyidagi toifalarga ajratiladi: Megarelef (materik do’ngliklari, okeanlar tubi), shuningdek, bir qadar kichikroq bo’lgan shakllar (tog’ sistemalari, tekisliklar); makrorelef (tog’tizmalari, tog’lar oralig’idagi botiqlar, qirlar, pasttekisliklar); mezorelef (jarliklar, suv osti kan’onlari, tepaliklar); mikrorelef (karst chuqurliklari, jarlar, do’ng tepa, dasht tepaliklari va boshqalar); nanorelef (juda kichik chuqurchalar, do’ngchalar va boshqalar). Bu bo’linish shartli ravishda ajratilgan. Muhim orografik birliklarni tavsiflovchi Relefning tashqi yoki morfografik belgilari, shuningdek, uning miqdoriy xususiyatlari Relefni kompleks baholash uchun har doim ham ishonchli asos bo’la olmaydi, chunki bir xil tashqi ko’rinishga ega shakllarning kelib chiqishi va rivojlanishi turlicha bo’lishi mumkin. Relef endogen (ichki) va ekzogen (tashki) kuchlarning birgalikda hamda muntazam o’zaro ta’siri natijasida vujudga keladi. Shuningdek, yer yuzasining shakllanishiga gravitatsiya jarayonlari, inson faoliyati ham o’z ta’sirini ko’rsatadi. Endogen jarayonlar (yer po’stining tektonik harakatlari) ta’siri natijasida nisbatan yirik miqyosdagi — quruqlik, dengiz va okeanlar tubida strukturali Relef shakllari hosil bo’ladi. Yirik Relef shakllarining vujudga kelishi (sayyoraviy masshtabda), shuningdek, kosmik kuchlar — Yerning aylanishi, Quyoshoy tortilishi va boshqalar bilan ham bog’liq. Ekzogen kuchlar (oqar suvlar, dengiz to’lqinlari, shamol va hokazolar) odatda, nisbatan maydaroq Relef shakllarini yuzaga keltiradi, yirik masshtabli Releflarni yemiradi, pasaytiradi, mayda shakllarga bo’lib yuboradi, pastqam joylarni nurash mahsulotlari bilan to’ldiradi. Endogen kuchlar natijasida yuzaga kelgan Relef shakllari morfostrukturalar tarkibiga kiritiladi. Ularda yer po’stining geologik strukturasi (tuzilishi) aniq ifodalanadi. Relefdagi katlamlar gorizontal yotgan platformali geologik strukturalarga tekislik hududlar, burmali strukturalarga tog’li o’lkalar to’g’ri keladi. Relefning nisbatan mayda, asosan, ekzogen jarayonlar ta’sirida vujudga kelgan shakllari (daryo vodiylari, jarliklar, barxanlar, qator tepalar va boshqalar) morfoskulipuralar sifatida ajratiladi. Relefning kelib chiqishi va shakllanishini geomorfologiya fani o’rganadi. Relefni o’rganish natijalaridan bir qator masalalar: melioratsiya, muhandislik-texnik izlanishlar, foydali qazilmalarni qidirish va hokazolarda foydalaniladi.