Rektor

Rektor (lotincha rector — boshqaruvchi, rahbar) — oliy o’quv yurti, diniy seminariya rahbari. Uyg’onish davrida Yevropada ko’p sinfli maktablarning asosiy o’qituvchisi va mudiri Rektor deb atalgan. Frantsiyada o’quv yurti («akademiya») rahbari ham Rektor deyiladi. O’zbekistonda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutlarining ham rahbari. Oliy o’quv yurti va malaka oshirish instituti Rektorlari shu oliy o’quv yurti va malaka oshirish instituti mansub bo’lgan vazirlik va tashkilot tomonidan tayinlanadi. Rektorlikka ilmiy daraja va unvoni bo’lgan hamda katta ish tajribasiga ega shaxslar tayinlanadi. Rektor oliy o’quv yurti va malaka oshirish institutidagi ta’lim-tarbiya, o’quv hamda ilmiy ishlarni boshqaradi. O’quv rejasi va dasturi hamda ilmiy tadqiqot ishlari rejasining bajarilishini nazorat qiladi. Oliy o’quv yurtini tamomlagan yosh mutaxassislarning xalq xo’jaligi sohalariga taqsimlanishini boshqaradi. O’qituvchi-professorlar tarkibi, o’quv mashg’ulotlari jadvali, oliy o’quv yurti ichki tartibqoidalari va boshqalarni tasdiqlaydi. Rektor korxona va tashkilotlar bilan ilmiy tadqiqot ishlari bajarilishi bo’yicha mehnat shartnomalari tuzadi, injener-texnik va rahbar xodimlarning malakasini oshirish kurelarini kelishuv asosida tashkil qiladi. O’zi Rektorlik qilayotgan oliy o’quv yurti yoki malaka oshirish instituti ilmiy kengashi raisi hisoblanadi va uning qarorlarini tasdiqlaydi.