Rentgen nurlari difraktsiyasi

Rentgen nurlari difraktsiyasi — rentgen nurlarining kristallarda yoki suyuqlik va gaz molekulalarida sochilishi natijasida ekranda hosil bo’ladigan difraktsion manzara. Rentgen nurlarining to’lqin tabiatini nemis olimlari M. Laue, V. Fridrix va P. Knippinglar kashf etgan (1912). Rentgen nurlarining to’lqin uzunligi bilan kristall panjaralar doimiysining bir-biriga yaqinligi roentgen nurlarining kristallardagi difraktsiyasini kuzatishga imkon beradi. Rentgen nurlari kristallar orqali o’tganda ko’p o’lchamli panjaralar difraktsiyasi sodir bo’ladi. Difraktsion maksimumlarni linzasiz kuzata olish uchun roentgen nurlari dastasi g’oyat ingichka qilib olinadi. Kristall panjaradagi ma’lum to’lqin uzunligiga tegishli maksimularni hisoblash usulini rus fizik kristallografi G. V. Vulf va U. L. Bregg bir-biridan mustaqil ravishda taklif etganlar (1913). Bu usul Bregg—Vulf sharti deb ataladi. Rentgen nurlari difraktsiyasidan kristall panjara tipini va uning doimiysini aniqlashda kristall panjara tipi va doimiysi ma’lum bo’lsa, rentgen nurlarining to’lqin uzunliklarini aniqlashda foydalaniladi.