Rekombinatsiya

Rekombinatsiya — betartib harakat natijasida har xil ishorali ionlarning o’zaro uchrashib neytral molekulalar (atomlar) ni hosil qilish jarayoni. Rekombinatsiya hodisasini tuz, ishqor va kislotalarning suvdagi eritmalari, ionlashtirilgan gazlar, yarimo’tkazgichlar va boshqalarda kuzatish mumkin. Eritmalarda bir vaqtning o’zida eritilgan modda molekulalarining ionlarga ajralishi (dissotsiatsiyasi) va ionlarning birlashib molekulaga aylanishi sodir bo’lib turadi. Vaqt birligida dissotsiyalangan molekulalar soni shu vaqt davomida rekombinatsiyalashitsh natijasida hosil bo’lgan molekulalarning soniga teng bo’lib qolsa, muvozanat holat yuzaga keladi. Ikki xil ishorali ionlarning o’zaro uchrashish ehtimoli musbat va manfiy ionlar kontsentratsiyasiga mutanosib buladi. Agar eritmada erigan modda molekulalarining soni juda kam miqdorda bo’lsa, vujudga kelgan ionlarning bir-birlari bilan uchrashish ehtimoli kamayib ketadi, natijada Rekombinatsiya sodir bo’lmaydi. Yarimo’tkazgichlarda har bir vaqtning o’zida ikki jarayon yuz beradi: erkin elektron va kovaklarning juft holda hosil bo’lishi hamda elektron va kovaklarning juft holda yo’qolishiga olib keluvchi Rekombinatsiya ehtimolligi erkin elektronlar va Kovaklar soniga mutanosib. Rekombinatsiya jarayonida birlashuvchi ionlarning ortiqcha energiyalari elektromagnit nurlanish ko’rinishida ajralib chiqishi mumkin.