Reabilitatsiya

Reabilitatsiya — huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari tomonidan jinoyat sodir etishda asossiz gumon qilingan yoxud ayblangan shaxs sha’ni va qadr-qimmatining tiklanishi. Reabilitatsiya inson huquqlariiya kafolatlashning o’ziga xos turi. Reabilitatsiya huquqiy davlat, adolatli fuqaroviy jamiyat qurishning muhim shartlaridan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasida shaxsning huquq va qonuniy manfaatlari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek, xalqaro hujjatlar bilan muhofaza qilinadi va kafolatlanadi. 1930-40 yillardagi qatag’on qurbonlarining xotirasini abadiylashtirishda hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tiklashga qaratilgan normativ hujjatlarda Reabilitatsiya qo’llash nazarda tutilgan. Shuningdek, sho’rolar davrida mamlakatning olis joylariga majburiy ravishda ko’chirilgan xalqlar va ayrim fuqarolar ham Reabilitatsiya qilindi. Reabilitatsiya qilingan shaxsga nisbatan g’ayriqonuniy prosessual majburlov choralari qo’llangan, chunonchi ushlab turilgan, qamoqda saqlangan, egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan, tibbiy muassasaga joylashtirilgan bo’lsa, unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy ziyon qoplanishi, uning barcha huquqlari tiklanishi shart. Reabilitatsiya to’la yoki qisman Reabilitatsiya ko’rinishida bo’ladi. Javobgarlikdan batamom ozod qilingan aybsiz shaxs to’la Reabilitatsiya qilingan hisoblanadi. Agar shaxs qamoqda saqlab turilganiga qaraganda kamroq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki qamoq bilan bog’liq bo’lmagan jazoga hukm qilingan, ayblov qisman chiqarib tashlangan, yuqori sud ozodlikdan mahrum qilish muddatini o’talgan qismidan ham kamaytirilgan yoxud yengilroq jazo turi bilan almashtirgan, jinoiy jazo tayinlamay hukm chiqargan bo’lsa, u qisman Reabilitatsiya qilingan bo’ladi. To’la yoki qisman Reabilitatsiya etilgan shaxsga ziyon tegishlicha to’la hajmda yoxud qisman qoplanishi lozim. Reabilitatsiya qilinganni lavozimiga tiklash, ishlashdan mahrum bo’lgan vaqtini mehnat va ixtisoslik stajiga qo’shish, o’quv yurtida o’qish va uy-joydan foydalanish huquqlarini tiklash tartibi bor. Shaxs ushlab turilgani, qamalgani, lavozimidan chetlashtirilgani, tibbiy muassasaga joylashtirilgani haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan bo’lsa, u Reabilitatsiya qilingani haqida o’sha ommaviy axborot vositalarida xabar berilishi shart. Reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan taqtsirda unga yetkazilgan moddiy ziyon uning merosxo’rlari va oila a’zolari foydasiga undiriladi. Ziyonning miqdorini sud belgilaydi. Mulkiy ziyon to’lanishini manfaatdor shaxslar tergovchi, prokuror yoki suddan 2 yil mobaynida, boshqa huquqlarni tiklashni 1 yil mobaynida talab qilishlari mumkin (O’zbekiston Respublikasi JPK, 301 — 313-moddalar). G’afur Abdumajidov.