Reanimatsiya

Reanimatsiya (re… va lotincha animatio — jonlantirish, tiriltirish) — klinik o’lim holatidagi kishilarni tiriltirish, shuningdek, hayotiy muhim a’zolarning baxtsiz hodisalar, kasallik va uning asoratlari natijasida to’satdan yo’qolgan yoki o’zgargan funktsiyalarini tiklash uchun ko’riladigan chora-tadbirlar majmui. Nafas olish va yurak faoliyati to’xtaganda yoki amalda nafas ham, qon aylanish ham organizm ehtiyojini ta’minlay olmay qolgan hollarda Reanimatsiya qo’llaniladi. Reanimatsiya masalalarini reanimatologiya o’rganadi. Reanimatologiyaning taraqqiy etishi endilikda Reanimatsiya usullaridan bevosita jonlantirishda emas, balki moddalar (suvelektrolit, gaz) almashinuvining keskin buzilishi, qon aylanishi, nafas, jigar, buyrak faoliyatining nuqsonlarida hamda operatsiyalardan so’ng a’zolar funktsiyasini tiklashda ham foydalanish imkonini berdi. Yashashga krbiliyatli organizmnigina tiriltirish mumkin. Reanimatsiya tadbirlarini ogir mexanik shikastlanishdan, shu jumladan, shikastlanish oqibatidagi shok, qon ketishi, tok urishi, kuchli zaharlanish, bo’g’ilish, suvga cho’kish, termik kuyish, sovqotish va hokazolardan o’layotgan vaktda qo’llash lozim. Reanimatsiyani ko’pincha «intensiv terapiya», «intensiv parvarish» deyiladi. Demak, to’satdan yuz beruvchi o’lim bilan tugaydigan har qanday tang holat reanimasion tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirishni taqozo etadi. Reanimatsiya o’tkazishda turli vositalar, jumladan, elektron asboblar (defibrillyator, elektrostimulyator va hokazolar) va boshqa apparatlar, xirurgiya usullari (traxeostomiya, punktsiya, yirik tomirlarga kateter qo’yish), doridarmonlardan foydalaniladi, shuningdek, yurakni bevosita (ya’ni, ko’krak qafasini ochmay turib) massaj kilish, apparatsiz sun’iy nafas oldirish va hokazolar usullar qo’llanadi. Reanimatsiyani vrach, hamshiralar, shuningdek, maxsus tayyorgarlikdan o’tgan boshqa sohadagi kishilar bajaradi, tez yordam xodimlari malakali reanimasion yordam ko’rsatadi. Reanimatsiya chora-tadbirlarining to’la kompleksi maxsus Reanimatsiya va intensiv terapiya bo’limlarida o’tkaziladi, bu bo’limlar nevrologiya, kardiologiya, xirurgiya va boshqa markazlarda tashkil topsa, shu asosda tarmoklar (kardiologik, toksikologik va hokazolar)ga bo’linadi. Yirik viloyat yoki shahar kasalxonalarida tuzilgan. Reanimatsiya Markazlari ko’p tarmoqli bo’ladi.