Raqobat

Raqobat — mustaqil tovar ishlab chiqaruvchi (korxona)lar o’rtasida tovarlarni qulay sharoitda ishlab chiqarish va yaxshi foyda keltiradigan narxda sotish, umuman iqtisodiyotda o’z mavqeini mustahkamlash uchun kurash. Raqobat ko’p qirrali iqtisodiy hodisa bo’lib, u bozorning barcha sub’yektlari o’rtasidagi murakkab munosabatlarni ifodalaydi. Resurslarni yetkazib beruvchilar o’rtasidagi Raqobat o’zlarining iqtisodiy resurslarini (kapital, yer, ishchi kuchi) yuqori narxlarda sotish uchun amalga oshiriladi. Ishlab chiqaruvchilar va resurslarni yetkazib beruvchilar o’rtasidagi Raqobat bozor munosabatlari rivojlangan, iqtisodiyot to’liq erkinlashgan sharoitda yaqqol namoyon bo’ladi. Raqobat iste’molchilar o’rtasida ham yuz berib, tovarlarni qulay va arzon baholarda sotib olishga qaratiladi, ya’ni xaridor har bir sarflangan pul birligi evaziga ko’proq naflilikka ega bo’lishga harakat qiladi, arzon va sifatli tovarni tezroq sotib olish uchun kurashadi. Raqobatda ishlab chiqaruvchilar o’rtasida sarflangan xarajatlarga ko’proq fonda olish, shu foyda orqasidan quvish natijasida tovarlarni sotish doiralari, ya’ni qulay bozorlar, arzon xom ashyo, energiya va arzon ishchi kuchi manbalari uchun kurash boradi. Raqobat asosida ishlab chiqaruvchilarning mulk egasi sifatida alohidalashuvi va mustaqil bo’lishi, manfaatlar to’qnashuvi yotadi. Chunki har bir mulk egasining o’z manfaati bo’lib, ular shu manfaatga erishish uchun intiladi. Mulk egasining tovar ishlab chiqarish va boshqa barcha sohalardagi faoliyati shu manfaatga bo’ysundirilgan bo’ladi. Raqobat mavjud bo’lishining yana bir sharti — bu tovarpul munosabatlarining, ma’lum darajada rivojlangan bozor tizimining bo’lishidir. Shu sababli Raqobatning asosiy sohasi bozor hisoblanadi. Yangi texnologiya joriy qilish, talabga javoban tovar turlarini tez o’zlashtirish, malakali ishchi kuchiga ega bo’lish va zamonaviy marketing xizmatidan foydalanish kabilar Raqobat kurashidan g’olib chiqish shartiga aylanadi. Monopoliya Raqobatga zid, chunki u tovar ishlab chiqaruvchiga tanho hukmronlikni ta’minlab, o’zaro bellashuv uchun sharoit qoldirmaydi. Raqobat kurash yo’lini tanlash jihatdan ham halol va g’irrom Raqobatga bo’linadi. Halol Raqobat bozordagi kurashda qabul qilingan, hammaga maqbul usullar bilan olib boriladi, bozor qoidalariga asoslanadi. Firrom Raqobatda taqiqlangan va qoralangan usullar, ya’ni qalloblik, ko’zbo’yamachilik, so’zida turmaslik, aldash, iqtisodiy josuslik, qo’porovchilik va hatto jismoniy zo’ravonlik kabi jinoyatkorona usullar qo’llaniladi. Bozor iqtisodiyoti aslida faqat halol Raqobatni tan oladi. Raqobat iqtisodiyotni sog’lomlashtirib turadi. Raqobatdan jamiyat manfaatlari yo’lida foydalanish va uni nazorat qilishda davlat tomonidan qabul qilinadigan monopoliyaga qarshi qonunlar muhim ahamiyatga ega. Raqobat olib borish usuliga ko’ra, narx bilan Raqobat va narxsiz Raqobatga bo’linadi. Narx bilan raqobatlashuv tovarlar yoki xizmatlarni raqiblarga karaganda foydani vaqtinchalik kamaytirish hisobiga arzon narxda sotishni bildiradi (narxdan tashlamalar, ulgurji xaridorlarga imtiyozlar va boshqalar), Narxsiz Raqobatga xaridorlarni egallash va saqlab turishning narxlarni arzonlashtirish bilan bog’liq bo’lmagan har qanday qonuniy usullari kiradi (sifatini oshirish, xizmat mud- datini uzaytirish, ekologik tozalik, xavfsizlik va boshqalar) O’z miqyosiga ko’ra, Raqobat eng avvalo 2 turga — tarmoq ichidagi va tarmoqlararo Raqobatga bo’linadi. Iqtisodiy adabiyotlarda tarmoq ichidagi Raqobatning 4 ta shakli alohida ajralib ko’rsatiladi. Bular erkin Raqobat, monopolistik Raqobat, monopoliya va oligopoliyatr Raqobatning amal qilishi uchun muayyan shartsharoitlar mavjud bo’lishi shart. Bu shart-sharoitlar faqat bozor munosabatlari qaror topgan muhitda bo’lishi mumkin. Iqtisodiyotda monopollashuv tamoyillarining kuchayib borishi bilan Raqobat cheklanadi. Raqobatchilik muhitini vujudga keltirish uchun davlat monopoliyalarga qarshi siyosat olib boradi, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish bo’yicha chora-tadbirlar ko’radi, monopoliyaga qarshi qonunchiliknn amalga oshiradi. Davlatning Raqobatga nisbatan siyosati uning ma’rifatli, madaniy ko’rinishlari va qoidalarini ta’minlashga yo’naltiriladi. Bunday siyosat ishlab chiqarishni takomillashtirish, mahsulotlarni samarali taqsimlashga, texnika va iqtisodiy taraqqiyotga yordam beradi, iste’molchilarning manfaatlarini ximoya qilishga xizmat qiladi. O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida xukumat tomonidan iqtisodiyotda Raqobat muhitini yaratish masalasiga alohida e’tibor berildi. Jahondagi barcha rivojlangan davlatlarda bo’lgani kabi O’zbekistonda ham Raqobat bo’yicha davlat siyosati amalga oshiriladi. Shu maqsadda 1996 yil 15 martda Moliya vazirligi huzurida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo’mitasi tashkil etildi. Keyinchalik, u mustaqil davlat qo’mitasiga aylantirildi. O’zbekistonda Raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda narx bilan raqobatlashuv usuli tanlandi va narxlar erkin qo’yib yuborildi. «Monopolistik faoliyatni cheklash to’g’risida»gi (1992 yil 3 avgust) qonunga ko’ra, narxlarni monopollashtirish, bozorda ataylab taqchillik yaratish, Raqobatning g’irrom usullarini qo’llash man etiladi. «Iste’molchilarning huquqdarini himoya qilish to’g’risida»gi (1996 yil 26 aprel) qonuniga asosan, g’irrom Raqobatga yo’l qo’ymaydigan mexanizmni yaratishga ham alohida e’tibor berilgan. «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to’g’risida» (1996 yil 27 dekabr) qonunida ham sog’lom Raqobat muhitining huquqiy shart-sharoitlari ta’minlab berilgan. Ahmadjon O’lmasov.