Radiotexnika
Radiotexnika (radio… va texnika) — 1) elektromagnit tebranishlar va radiodiapazondagi (3-31012 Gts) to’lqinlar, ularni generasiyalash, kuchaytirish, nurlatish, qabul qilish hamda to’lqinlardan foydalanish haqidagi fan; 2) texnikaning axborotlarni uzatishda — radioaloqa, radioeshittirish, televideniye, radiolokasiya va radionavigatsiyada; mashina, mexanizm hamda texnologik jarayonlarni boshqarish va nazorat qilishda radiodiapazondagi to’lqinlar bilan elektromagnit tebranishlarni qo’llaydigan tarmog’i. U radiofizika, elektrotexnika, dielektriklar fizikasi, yarimo’tkazgichlar fizikasi, elektroakustika, antenna texnikasi, elektronika va boshqalarning yutuqlariga asoslanadi. Radiotexnika tarixi M. Faradey, J. Maksvellarning ishlaridan boshlangan. Radiodiapazondagi elektromagnit to’lqinlarni birinchi marta G. Gers hosil qilgan va o’rgangan (1886-89). Gers tajribasida rezonans hodisasi katta rol o’ynagan. E. Branli (Frantsiya) metall kukuniga elektr tebranishlari ta’sir qilganda ularning qarshiligi kamayishi hodisasini aniqladi (1890). O. Lodj (Buyuk Britaniya) bu hodisadan elektromagnit to’lqinlarni aniqlashda foydalandi (1894). A. S. Popov elektromagnit to’lqinlar yordamida simsiz aloqa o’rnatishga harakat qildi va signallarni qayd qilish apparatniy yasadi. U 1895 yil 7 mayda dunyoda birinchi radiopriyomnigini yaratdi. Dastlab, uzatuvchi va qabul qiluvchi radiostantsiyalar qisqa to’lqinda — tez so’nuvchi radioto’lqinlarda ishlagan. Uzun to’lqinlarga o’tish va uzatkichlar quvvatini, antenna o’lchamlarini oshirish, detektorning qo’llanilishi bilan radioaloqa uzoqligi sekin-asta oshirilgan. Nemis fizigi K. F. Braun tomonidan berk konturning, M. Vin (Ger- maniya) tomonidan maxsus razryad hosil qilgichning kashf etilishi, shuningdek radio qurilmalarda yuqori chastotali yoy generatorlari va generator mashinalari bilan uyg’otiladigan so’nmas to’lqinlarning qo’llanilishi Radiotexnikaning keyingi rivojida katta qadam bo’ldi. 1925 yil rus ixtirochisi V. P. Vologdinning yuqori chastotali induktor mashinasi yordamida birinchi marta Moskva bilan Nyu-York orasida radioaloqa o’rnatilgan. Elektron lampalarning yaratilishi Radiotexnikaning barcha sohalarida katta burilish yasadi, shu asosda so’nmas tebranishli lampali generator yaratildi. Radiolampalarning qo’llanilishi radioto’lqinlarni bir necha yuz metrdan bir necha kilometrgacha diapazonda samarali generasiyalashga imkon berdi. 20-asr 20-yillari boshlariga kelib radiotelegraf aloqa bilan birga radioeshittirish vujudga keldi. Qisqa va ultraqisqa to’lqin diapazonlarida ishlaydigan radiolampalar, sxemalar, antennalar yaratildi. 20-asr o’rtalarida elektron televideniyening yaratilishi Radiotexnika sohasida burilish yasadi. Radioloktasiya, radionavigatsiya Radiotexnikaning alohida bo’limlari hisoblanadi. Ularning usullari uzokdagi narsalarning o’rni, tezligi va boshqalarni aniqlashga imkon beradi. Yarimo’tkazgichli diodlar yaratilishi tranzistorlarning, elektronnur asboblari esa rangli televideniening yaratilishiga olib keldi. Radiotexnika jamiyat taraqqiyotining barcha sohalariga kirib bordi. Yer sun’iy yo’ldoshlari, kosmik apparatlar bilan radioaloqa qilishda, insonning kosmosga uchishini ta’minlashda, avtomatik boshqarish tizimida, xalq xo’jaligida (metallarni vakuum va inert gazlar atmosferasida juda toza eritish uchun, po’latdan yasalgan detallarni toblash uchun, tibbiyot va boshqalar), radiometeorologiya, radioastronomiyaaa, elektroakustikala, tovushni yozib olish va boshqalarda Radiotexnikaning ahamiyati katta. O’zbekistonda Radiotexnikaga doir ilmiy tadqiqot ishlari, asosan, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida olib boriladi. Respublikada Radiotexnikaning rivojlanishi va shu soha bo’yicha mutaxassislar tayyorlash akad. T. D. Rajabov, t.f.n. O. A. Abduazizovlar nomi bilan bog’liq.