Raketa yonilg’isi
Raketa yonilg’isi — raketa dvigateli uchun energiya manbai sifatida ishlatiladigan modda yoki moddalar majmui. Kimyoviy va nokimyoviy Raketa yonilg’isi bor. Kimyoviy Raketa yonilg’isi — modda yoki moddalarning kimyoviy parchalanish yoki oksidlanish reaktsiyasi natijasida issiklik energiyasi ajratadi. Energiya ajralishi natijasida hosil bo’lgan gazsimon mahsulotlar kengayib ish bajaradi. Raketa yonilg’isi alohida saqlanadigan komponentlarning soniga qarab, bir, ikki, uch va ko’p komponentli, komponentlarning agregat holatiga qarab, suyuq, qattiq, gibrid yonilg’ili va boshqa xillarga bo’linadi. Raketa yonilg’isi suyuq yonilg’ili raketa dvigateli (SYoRD), qattiq yoqilg’ili raketa dvigateli, gibrid yonilg’ili raketa dvigateli va boshqalarda ishlatiladi. Nokimyoviy Raketa yonilg’isi yadro va elektr xillarga bo’linadi. Yadro Raketa yonilg’isi — radioaktiv parchalanish, yadrolarning bo’linishi yoki sintezi natijasida energiya ajratadigan modda yoki moddalar. Ish jismi sifatida yoki boshqa ish jismiga energiya berish uchun qo’llaniladi. Elektr raketa dvigatelida elektr energiyasi maxsus modda (ish jismi)ga uzatiladi yoki uning manbai bo’ladi. Deyarli barcha raketa dvigatellarida, asosan, kimyoviy Raketa yonilg’isi ishlatiladi.