Rajabov Boltaboy
Rajabov Boltaboy (1878.20.2, Marg’ilon yaqinidagi Shakar qishlog’i — 1960.17.3, Marg’ilon) — O’zbekiston xalq hofizi (1939). Tiniq va mayin ovoz sohibi. Ashula yo’llarini dastlab bobosi Matxoliq Hofiz, otasi Rajabboy, tog’asi Maksud hofizlardan, keyinchalik Hamroqul qori, turg’un sariq, Xolqora ota, Abu Baxriddin kabi ustoz san’atkorlardan o’rgangan. 1920-30 yillarda Farg’ona vodiysida katta ashula ijrochisi sifatida tanilib, mazkur janr rivojiga katta hissa qo’shgan va talqinchilik maktabini yaratgan. Farg’ona, Andijon, Namangan, Qo’qon shaharlari va tumanlarida, katta Farg’ona kanali (1939) va boshqa qurilishlarda madaniy xizmat qilgan. Repertuaridagi 150 dan ziyod xalq qo’shiq, Yalla va ashulalari, ayniqsa, ashulalar («kelibman», «Ey sanam», «Xayrul Bashar», «judo qilma», «shoyad», «Oh kim», «Bo’ston», «bu gulshan») ta’sirchan ohangda, jozibali yangragan. Mamatbuva Hofiz, J. Sultonov, M. Uzoqov kabi hofizlarga ustozlik qilgan.