Ramz

Ramz (Arabcha — ishora qilmoq) (badiiy adabiyotda) — voqelikni badiiy aks ettirishning shartli usuli; badiiy shartlilik shakllaridan. Ramz majozdan farq qilib, mazmuni obrazli qurilishi b-n bog’liq bo’ladi va ko’pma’noliligi bilan ajralib turadi. Ramz barcha xalqlar folklori va adabiyotida qadimdan mavjud. Ramziy obrazlar muayyan tizimni tashkil etadi va ayrim hollarda ko’pchilik xalqlar adabiyoti va san’atida mushtarak mazmunni ifodalaydi. Masalan, sher — mardlik, tulki — makkorlik, bo’ri — ochko’zlik va boshqalar. Adabiyot tarixida asrlar davomida ishlatilib kelinayotgan ramziy obrazlar tizimi ham mavjud; gul — go’zallik, ma’shuqa; bulbul — oshiq; sariq rang — mahzunlik, qora rang — motam ramzi va boshqalar. Ijodkorlar an’anaviy Ramzlar bilan bir qatorda tabiatdagi har bir hodisa va detal (masalan, bulut, buloq, chaqmoq va boshqalar)dan ramziy tasvir uchun foydalanadilar. Bunda u yoki bu narsa tasvir jarayonida yozuvchi maqsadiga xizmat qiluvchi muayyan ramziy ma’noga ega bo’ladi. Xalq og’zaki ijodiyoti va mumtoz adabiyotda keng ko’lamda ishlatilgan ramziy tasvir usuli hozirgi adabiyotda ham muvaffaqiyatli qo’llanilmoqda.