Qo’shma so’zlar
Qo’shma so’zlar — ikki yoki undan ortiq o’zak morfemaning qo’shilishidan hosil bo’lgan va yagona struktur-Semantik birlikni tashkil etgan so’zlar. Masalan; ko’zoynak, bilaguzuk, uchburchak, atirgul, bo’tako’z, nomoz-shomgul, mehmondo’st, balandparvoz, erksevar, jigarrang kabi. Qo’shma so’zlar yasalishi uchun asos bo’lgan so’zlar o’zlarining dastlabki ma’nolarini qisman yoki butunlay yo’qotadi: ular birgalikda tamoman yangi lug’aviy ma’no bildiradi. Chunonchi, osh va qozon so’zlari alohida leksemalar sifatida o’z lug’aviy ma’nolariga ega. Lekin ularning qo’shilishidan hosil bo’lgan oshqozon so’zi mazkur so’zlarning dastlabki ma’nolaridan farqlanuvchi yangi ma’noni — «inson va hayvonlarning ovqat hazm qilish a’zosi» ma’nosini bildiradi. Qo’ziqorin, itog’iz, oqsoch, oqsuyak, kampirchopon singari Qo’shma so’zlar haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Qo’shma so’zlar qismlari orasidagi ma’no munosabati har xil. Ular o’xshatish, qiyoslash (karnaygul, otquloq, tuyaqush, Sheryurak, qo’yko’z), xoslik, biror narsaga mo’ljallanganlik (gultuvak, molqo’ra, olovkurak, tokqaychi, qiymataxta), biror o’rin-joyga mansublik (suvilon, tog’olcha, cho’lyalpiz, qo’qonarava), biror belgiga nisbat berish (achchiqtosh, olaqarg’a, sho’rdanak, qizilishton, Qiziltepa), miqdorga munosabat (beshbarmoq, mingoyoq, qirqog’ayni, Beshariq) va boshqa ma’nolarni anglatadi. Qo’shma so’zlar strukturasi mavjud sintaktik aloqalarni eslatadi, boshqacha aytganda, Qo’shma so’zlar ega-kesim munosabatida, boshqaruv, moslashuv. Bitishuv aloqalarida bo’lgan so’z birikmalari asosida yuzaga kelgan. Masalan, go’shtkuydi, kelintushdi kabi Qo’shma so’zlar ega va kesim munosabatini eslatsa, to’yboshi. tomorqa, ko’zoynak kabi Qo’shma so’zlar moslashuvni, kitobsevar, dunyoqarash kabilar boshqaruvni, xomkalla, ko’ksulton, iskabtopar kabilar esa bitishuvni eslatadi. Qo’shma so’zlar ot, sifat, ravish va qisman fe’l turkumida tarqalgan. Ularning komponentlari bir so’z turkumiga yoki turli so’z turkumlariga mansub bo’lishi mumkin. Masalan, qo’shma otlar ot-+ot (belkurak), sifat+ot (oqqush), son+ot (sakkizoyoq), fe’l+ot (Yoril-tosh), ot+fe’l (bo’yo’sar), fe’l+fe’l (sotib-oldi, ishlabchiqarish) kabi qoliplarda bo’ladi. Boshqa so’z turkumlariga oid Qo’shma so’zlar ham o’ziga xos qoliplar asosida yasaladi. O’zbek tilshunosligida Qo’shma so’zlarni o’rganish bo’yicha A.Hojiev, B.Madaliev, N.Mamatov va boshqa tomonidan anchagina izlanishlar olib borilgan. Ad.: Hojiev A., O’zbek tilida qo’shma. juft va takroriy so’zlar, T., 1963; Madaliev B., Hozirgi o’zbek tilida qo’shma so’zlar, T.. 1966: Mamatov N., O’zbek tilida qo’shma so’zlar, T» 1982. Nosirjon Oxunov.