«Qo’qon superfosfat zavodi» aktsiyadorlik jamiyati
«Qo’qon superfosfat zavodi» aktsiyadorlik jamiyati — kimyo sanoati korxonasi, oddiy, ammoniylashgan superfosfat o’g’itlari, kaltsiy karbid, payvandlash elektrodlari ishlab chiqaradi. «O’zkimyosanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. 1935 yil iyul oyida aralash o’g’itlar fabrikasi negizida tashkil etilgan. Urush yillarida mudofaa ahamiyatiga ega bo’lgan mahsulotlar ishlab chiqargan. 1941 yilda evakuatsiya qilingan Neva va Voskresensk kimyo zavodlari uskunalari asosida superfosfat tsexi qurilishi boshlanib, uning birin navbati 1946 yil aprelda ishga tushishdi. Shu yildan «Qo’qon superfosat zavodi» nomini oldi. 1947 yilda sulfat kislota ishlab chiqarish tsexi qurilib ishga tushirildi, superfosfat tanarxini kamaytirish maqsadida zavod choratov (Qozog’iston) fosforitidan superfosfat olishni o’zlashtirdi. 1953 yildan ammoniylashgan superfosfat ishlab chiqarila boshlandi. 1956 yilda sulfat kislota ishlab chiqaruvchi tsex rekonstruktsiya qilindi. 1958 yilda 100% li R205 bo’yicha yillik quvvati 42 ming tonna bo’lgan, ilg’or texnika bilan jihozlangan ikkinchi superfosfat tsexi, 1962 yilda yillik loyiha quvvati 45,5 ming tonna ammoniylashgan superfosfat tsexi foydalanishga topshirildi. 1964 yilda ammoniylashgan superfosfat olishning yangi texnologiyasi (ammonizatsiyalash — quritish — yoyish — maydalash) joriy qilindi. 1974 yildan donador ammoniylashgan superfosfat ishlab chiqarish o’zlashtirildi (ishlab chiqarilgan mineral o’g’itlarning 40%). 1998 yil aprel oyida Qizilqum fosforit majmuasida ishlab chiqarilgan fosforit xom ashyosidan foydalanishga o’tdi va uning yillik ishlab chiqarish quvvati 178,0 ming tonna superfosfatga yetkazildi. 2003-2004 yillarda ammoniylash tsex qayta jihozlandi, o’g’itni qadoqlash avtomatlari o’rnatildi. 1997 yildan aktsiyadorlik jamiyati. 2002 yil Fevralda korxona aktsiyalarining 60,2% chet el investorlariga sotildi va O’zbekiston— Rossiya chet el investisiyasi ishtirokidagi «Qo’qon superfosfat zavodi» ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi (2004 yilda 600 tonna superfosfat). 2004 yilda korxonada 164,1 ming tonna ammoniylashgan superfosfat, 101,9 million so’mlik xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarildi.