Kaltakesaklar

Kaltakesaklar (Sauria) — sudralib yuruvchilar sinfining kenja turkumi. 2000 tacha turi bor. Gekkonsimonlar, tangacha oyoqlilar, agamalar, iguanalar, urchuqsimonlar, zahartishlilar, echkemarsimonlar, amfisbenalar, asl kaltakesaklar, stsinksimonlar kabi oilalarga bo’linadi. Kaltakesaklarning tana shakli turli-tuman. Besh barmoqli oyoqlilari ham, oyoqsizlari ham uchraydi. Oyoqsiz Kaltakesaklarda to’sh suyagi va oyoq kamari saqlangan. Kaltakesaklar keng tarqalgan. O’zbekistonda ularning 38 turi, masalan, fotmanchiq, echkemar, toshkaltakesak, kunkarg’ar, sariq ilon, bot-bot, Qizilquloq va hokazolar bor. Asl kaltakesaklar oilasi mazkur turkum uchun tipik vakildir. Bu oilaning 156 tacha turi bor. Ular 21 ta uruqqa kiradi. Gavdasi tsilindr shaklida; bo’yni yaqqol ajralib turadi; dumi uzun va uziluvchi; oyoqlari yaxshi rivojlangan; boshi va qorni qalqonlar, gavdasi tangachalar bilan qoplangan. Dumidagi tangachalar halqa shaklida. Quloq teshigi bor. Afrika, Osiyo va Yevropaning serquyosh, issiq mintaqalarida yashaydi. O’zbekistonda yozda kun qiziganda uyalariga (salqin joylarda) kirib oladi. Qishda (noyab. dan martgacha) karaxt bo’ladi. Tuxum qo’yadi; tuxumdan tirik tug’uvchi turlari ham bor. Hasharot va boshqa jonivorlar bilan oziqlanib, ko’p foyda etkazadi. Yugurdak kaltakesak, tirik tug’ar kaltakesak, O’zbekistonda keng tarqalgan ildam kaltakesakcha va hokazolar shu oilaga kiradi.