Hayvonlar solishtirma anatomiyasi
Hayvonlar solishtirma anatomiyasi, solishtirma morfologiya — morfologiyaning organ va ular sistemasining tuzilish qonuniyatlarini turli xil sistematik guruhga mansub hayvonlarni solishtirish orqali o’rganadigan bir bo’limi. Organlar tuzilishini ular funktsiyasi bilan birga solishtirib o’rganish organizmlarning yashash muhitiga moslanishini, shuningdek, har xil guruhlarning kelib chiqishi va evolyutsiya yo’lini tushunib olishga yordam beradi. Hayvonlar solishtirma anatomiyasiga Aristotel (miloddan avvalgi 4-asr) asos solgan. Lekin o’rganishning solishtirma anatomik metodi faqat 18-asrda keng qo’llanila boshlandi. 19-asrda J.Kyuve bir qancha hayvonlarning tuzilishini batafsil o’rganadi hamda hozirgi va qazilma hayvonlarning tuzilishi to’grisidagi ma’lumotlarni umumlashtiradi; u o’zi ishlab chiqqan organlar korrelyatsiyasiga asoslanib, hayvonlarning alohidalashgan 4 «shoxi» (tipi) to’g’risida ta’limot yaratdi. E. Joffrua Sent-Iler esa barcha hayvonlarning yagona tartibda tuzilganligi, ularga tashqi muhit sharoitining ta’siri to’g’risidagi tushunchani rivojlantirib, organlar gomologiyasi to’g’risidagi ta’limotga asos soldi. K.M.Ber murtak o’xshashligi qonunini yaratdi, R.Ouen arxetip metafizik kontsepsiyani ishlab chiqdi. Hayvonlar solishtirma anatomiyasi sohasida to’plangan katta materiallar Ch. Darvin yaratgan evolyutsion ta’limot orqali o’z tasdig’ini topdi; bu fan embriologiya va paleontologiya bilan bir qatorda evolyupion ta’limotning asosiy tayanchiga aylandi. Nemis olimlari K.Gegenbaur analogiya va gomologiya tushunchalariga evolyupion tamoyillarni kiritdi, F. Myuller (1864) va E.Gekkel (1866) rekapitulyasiya va asosiy biogenetik qonunni asoslab berdi. Rus olimlari A.O.Kovalevskiy, I.I.Mechnikov, A.N.Seversov, I.I.Shmalgauzen, V.A.Dogel, V.N.Beklemishev va boshqalarning ishlari tufayli evolyutsiyaning morfologik qonuniyatlari ishlab chiqildi. A.N. Seversov va boshqa organlar va ular funktsiyasining evolyutsion o’zgarish usullarini tahlil qilib, progressiv evlyutsiya yo’nalishlari kontsepsiyalarini asoslab berdi. I.I.Shmalgauzen evolyutsiyaning morfobiologik nazariyasini rivojlantirdi. V.A.Dogel gomologik organlar polimerizasiyasi va oligomerizatsiyasi printsiplarini yaratdi. V.N.Beklemishev umurtqasiz hayvonlar solishtirma anatomiyasini ishlab chiqdi. Hayvonlar solishtirma anatomiyasining hozirgi vazifasi — hayvonot dunyosi tabiiy sistemasini tuzish hamda anatomiya, embriologiya va paleontologiya dalillari asosida evolyusiyaning morfologik qonuniyatlarini aniqlab berishdan iborat. Hayvonlar tuzilishini, ularning yashash muhiti hamda bajaradigan vazifasini o’rganish bilan hayvonlar ekologik morfologiyasi va hayvonlarning funktsional morfologiyasi shug’ullanadi.