Hayvonlar sistematikasi

Hayvonlar sistematikasi -sistematikaning bir bo’limi. Hayvonlar sistematikasini ilk bor Aristotel (miloddan avvalgi 4-asr) ishlab chiqqan. U hayvonlarning 252 formatsiga tavsif berib, ularni 2 ta katta guruh: qonlilar (hozirgi umurtqalilar) va qonsizlar (hozirgi umurtqasizlar)ga va 8 ta kichik guruhlarga ajratgan. Aristoteldan so’ng 2 ming yil davomida Hayvonlar sistematikasida deyarli hech qanday o’zgarish bo’lmadi. Faqat ingliz biologi J.Rey (1693) sistematikaning asosiy birligi — tur tushunchasini fanga kiritadi. Hayvonot dunyosining zamonaviy sistemasini shved naturalisti K.Linney yaratgan. U «tabiat sistemasi» (1735) asarida 4200 turdan ortiqroq (jumladan 1222 tur umurtqali va 1936 tur umurtqasiz) hayvonlarga tavsif bergan. K.Linney hayvonlarni o’zaro tobe taksonomik kategoriyalar: tur, urug’, turkum va sinfga bo’lishni, turni 2 nom: urug’va tur nomi bilan atash (binary nomenklatura)ni taklif etdi. Lekin Linney ishlab chiqqan sistema mukammal emas edi. Masalan, u sodda hayvonlar, bo’shliqichlilar, ignaterililardan iborat bir-biridan uzoq hayvonlarni Zoofitlar — hayvon-o’simliklar guruhiga birlashtirgan. Frantsuz olimlari J.Kyuve va Jlamark K. Linney sistemasini takomillashtirishdi. J. Lamark «Umurtqasizlar sistemasi» (1801) va «Zoologiya falsafasi» (1809) asarlarida hayvonlarni umurtqasizlar va umurtqalilarga, umurtqasizlarni infuzoriyalar, poliplar, nurlilar, chuvalchanglar, hasharotlar, o’rgimchaksimonlar, qisqichbaqasimonlar, halqalilar, mo’ylovoyoqlilar va mollyuskalar sinflariga ajratgan. J.Kyuve «Hayvonot dunyosi va uning klassifikatsiyasi» (1817) asarida hayvonlarni 4 ta asosiy shoxga ajratgan. Keyinchalik bu shoxlarga frantsuz zoologi A.Blenvil (1825) tip (nurlilar, bo’gimlilar, mollyuskalar, umurtqalilar) nomini bergan. J.Lamark va J. Kyuve sistemasini ingliz zoologi R.Grant (1826) yanada takomillashtirib, nurlilar tipidan g’ovaktanlilar tipini ajratib chiqardi. Nemis zoologi K.Zibold esa nurlilar tipini 3 ta mustaqil: eng sodda hayvonlar, zoofitlar va chuvalchanglar tiplariga ajratadi. U zoofitlarga ko’pchilik nurlilarni, chuvalchanglarga halqalilarni kiritadi. Boshqa halqalilar esa bo’g’imoyoqlilar tipiga kiritildi. Nemis olimi K.Foxt (1825) chuvalchanglar tipini yassi, to’garak va halqali chuvalchanglarga ajratadi. Ingliz Anatomi E.Rey Lankester (1877) bu guruhlarni tip nomi bilan atashni taklif etadi. Nemis zoologi K.Klaus (1874) hayvonlarni 9 tipga bo’ladi. Bu sistema ancha uzoq vaqt saqlanib qoldi. Vaqt o’tishi bilan olimlarning faqat tiplar soniga emas, balki ularning tarkibiy qismiga nisbatan ham tushunchasi o’zgarib bordi. Masalan, umurtqalilar (keyinchalik xordalilar) tipiga qobiqlilar (19-asr oxirigacha mollyuskalarning bir xili sifatida qaralgan) va ichak bilan nafas oluvchilar kiritilgan. Hayvonot dunyosi o’rganilgan sari faqat yangi turlar, urug’lar, oilalar emas, hatto ancha yuqori taksonomik darajadagi guruhlar (turkum, sinf, hatto tip)lar ham kashf etildi. Masalan, 1955 yilda rus olimi A.V.Ivanov pogonoforalar tipini kashf etdi. Hayvonot dunyosi, odatda, 2 kenja olam: bir hujayralilar va ko’p hujayralilarga; ko’p hujayralilar esa parazoylar va haqiqiy ko’p hujayralilarga ajratiladi. Parazoylarga g’ovaktanlilar, haqiqiy ko’p hujayralilarga boshqa barcha tiplar kiritiladi. Haqiqiy ko’p hujayralilar o’z navbatida nurlilar (bo’shliqichlilar, taroqlilar) va ikki tomonlama (bilateral) simmetriyalilar hamda birlamchi og’izlilar (chuvalchanglar, mollyuskalar, exiuridlar, bo’g’imoyoqlilar, sipunkulidlar, paypaslagichlar) va ikkilamchi og’izlilar (chalaxordalilar, ignaterililar, xordalilar) ga bo’linadi. Ayrim zoologlar parazoylar va haqiqiy ko’p hujayralilar bilan birga ularga teng mavqega ega bo’lgan fagositellasimonlar guruhini ham taklif etishadi. Oxirgi guruh eng tuban tuzilgan ko’p hujayralilar — plastinkasimonlar tipini o’z ichiga oladi. Hayvonot dunyosining turli xil sistemasida tiplar soni 10 dan 33 tagacha, hatto undan ham ko’proq ko’rsatiladi. Ko’pchilik zoologlar ma’qullagan va o’quv adabiyotlarida keltiriladigan sistematikaga asosan bir hujayralilar kenja dunyosi 5 tip: sarkomastigoforalar, mikrosporidiyalar, miksosporidlar, sporalilar, infuzoriyalarga bo’linadi. Qolgan hayvonlar plastinkasimonlar, g’ovaktanlilar, bo’shliqichlilar, taroqlilar, yassi chuvalchanglar, to’garak chuvalchanglar, nemertinalar, tikanboshlilar, halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, bo’g’imoyoqlilar, ignaterililar, chalaxordalilar, pogonoforalilar va xordalilar tiplariga bo’linadi. Hayvonot dunyosi o’rganilgan sayin ko’plab yangi turlar kashf qilinmoqda. Yer yuzida hayvonlarning 1,5 million (ayrim ma’lumotlarga ko’ra 3,0—3,5 million)ga yaqin turi ma’lum. Ad.: Mavlonov O., Xurramov Sh ., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998. Ochil Mavlonov.