Hajjoj ibn Yusuf
Hajjoj ibn Yusuf, al-Haj joj as-Saqafiy (660, Toif — 714, Vosit) — umaviylarnnig Hijoz (692-694) va Iroqdagi (694 yildan) noibi, xatib. Toifda dars berish bilan shug’ullangan, so’ngra Damashqda xalifa Abdulmalik ibn Marvonning noibi Ruh ibn zinbo’ning shaxsiy qo’riqchilari boshlig’i. 691-692 yillarda Makkada isyon ko’targan Abdulloh ibn az-Zubayrga qarshi kurashgan umaviylar qo’shini qo’mondoni. Xalifa uni Hijoz, Yaman, Yamoma voliysi etib tayinlagan, keyinchalik unga Iroqni ham bergan. Umaviylarning siyosiy muxoliflariga nisbatan shafqatsizligi bilan shuhrat qozongan. 700 yilda moliya va soliq islohoti o’tkazgan, Vosit shahriga asos solgan, Furot va Dajla daryolarining quyi oqimi bo’ylaridagi botqoqliklarni quritib, qishloq xo’jalik ekinlari ektirgan, sug’orish kanallarini qayta tiklagan. Bu tadbirlar natijasida Umaviylar hokimiyati mustahkamlangan, O’rta Osiyo va O’rta Sharqda bosqinchilik siyosati olib borish imkoniyati tug’ilgan. Bosqinchilik yurishlari Hajjoj ibn Yusuf rahbarligi ostida, unga tobe Arab sarkardalari tomonidan olib borilgan. Arab yozuvida nuqta va harakat belgilari qo’yilishi joriy qilinishini Hajjoj ibn Yusuf nomi bilan bog’laydilar. Mahfuza Alimova.