Haydarobod sultonligi
Haydarobod sultonligi -Hindistondagi sultonlik (1724— 1950). Unga telugu, maratha, kannara va boshqa xalqlar yashaydigan hududlar kirgan. Boburiylar davlati tanazzulga uchrab, mayda sultonlik, knyazlik va boshqalarga bo’linib ketgach, vujudga kelgan. 1724 yil Boburiylarning Bijopur va golkondadagi nizomulmulk unvoniga ega bo’lgan noibi Asaf Jah o’zini mustaqil hukmdor deb e’lon etgan va Haydarobod sultonligiga asos solgan. Sultonlikning keyingi hukmdorlari ham Nizomul-mulk deb atatgan. Angliyaning Ost-Indiya kompaniyasi 1798 yil Haydarobod sultonligini teng huquqli bo’lmagan shartnoma tuzishga majbur etgan. Natijada sultonlik o’zini himoya qilish, mustaqil diplomatik aloqalar olib borish huquqidan mahrum bo’lgan. Sultonlikka ingliz rezidenti tayinlangan. 1947 yil Hindistonda mustaqillik e’lon qilingach, Nizomul-mulk Haydarobod sultonligining Hindiston Ittifoqiga qo’shilishiga qarshilik ko’rsatgan, ammo sultonlik aholisining tazyiqi ostida (telingana qo’zg’oloni) ittifoqqa qo’shilish to’g’risidagi shartnomaga imzo chekkan. 1950 yilda Haydarobod sultonligi shtatga aylantirilgan. Nizomulmulk hokimiyati cheklangan; ammo u rajpramukh (ijroiya hokimiyat boshlig’i) sifatida shtatni boshqargan. 1956 yilgi ma’muriy islohotdan so’ng Haydarobod shtati tugatilib, uning hududi Andhra-Pradesh, Maysur va Bombey (1960 yildan Gujarot va Maharashtra Shtatlariga bo’lingan) Shtatlariga qo’shilgan. Nizomulmulk qo’lida faqat unga tegishli ko’chmas mol-mulk, xazina qolgan; unga nafaqa tayinlangan.