Halovard
Halovard — o’rta asrlardagi Vaxsh viloyatining markazi. Kofirqal’a shahri xarobasi o’rnida joylashgan. 10-asrda Halovard Hulbukdan katta bo’lgan. Shahar atrofida ko’plab bog’rog’lar, hosildor yerlar bo’lib, aholi dehqonchilik bilan shug’ullangan. Shahar aholisi mohir kamonboz bo’lishgan. Halovard Vaxsh daryosidan maxsus chiqarilgan (6-7-asrlar) kofir kanalidan suv ichgan. Ilk o’rta asrdagi Halovard arkida budda sajdagohi topilgan, unda hokim va uning oila a’zolari ibodat qilishgan. Saroyda o’tkazilgan qazishmalar natijasida braxmi yozuvi bilan bitilgan 50 ga yaqin qo’lyozma parchalari topilgan. Arablar istilosi natijasida (750 yil) Halovard vayron bo’lib, shahar yangi hududda, Kofirqal’adan 12 kilometr shimoli-g’arbda Vaxsh daryosi bo’yida qayta barpo etilgan. U hozirgi Lag’mon shahri xarobasiga to’g’ri keladi. Uning umumiy maydoni 100 gektarga yaqin bo’lib, mudofaa devori bilan o’ralgan; 4 ta darvozasi, kuzatuv minoralari bo’lgan. Shahar ayrim yerlarda 2 qator mudofaa devori bilan o’ralgan. 10-13-asr boshlarida ravnaq topgan. Shahardagi deyarli barcha turar joylar pishiq g’ishtdan ishlangan, ko’cha va maydonlarga toshlar yotqizilgan. Halovardda Vaxshning zarbxonasi joylashgan. Shahar mo’g’ullar istilosi natijasida vayron bo’lgan. Ad.: Kamal iddinov Sh.S.. Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv.. T., 1996.