Hindixitoy
Hindixitoy — Osiyoning Janubiy- Sharqiy qismidagi yarim orol. Maydoni 2 million km2. G’arbda Bengaliya qo’ltig’i, Andaman dengizi va Malakka bo’g’ozi, Janub va Sharqda Janubi Xitoy dengizi va uning Siam va Bakbo qo’ltiqlari bilan chegaralangan. Shimol chegarasi shartli ravishda Gang va Brahmaputra daryolari Deltalari bilan Xongxa daryosi deltasidan o’tkazilgan. Janub uchi kra bo’ynidan Janubga cho’zilgan Malakka yarim orolidan iborat. Sharqiy qirg’oqlari kam parchalangan, g’arbida qo’ltiq, Orol ko’p. Yer yuzasi, asosan, tog’li, meridian bo’ylab cho’zilgan tizmalardan iborat. G’arbiy qismidagi Arakan tog’lari (eng baland joyi 3053 metr, Viktoriya cho’qqisi), markazidagi Shan tog’ligi va sharqidagi Annam tog’lari keng pasttekislik (Iravadi, menam, Kambodja) va platolar (Korat) bilan bo’lingan. Karst keng tarqalgan. Pasttekisliklar, asosan, allyuvial va ko’l yotqiziqlaridan tuzilgan. Foydali qazilmalardan qalay va volframning yirik konlari topilgan. Iqlimi subekvatorial mussonli, Malakka yarim orolida ekvatorial iqlim. O’rtacha temperatura tekislillarda 20° dan pastga tushmaydi, bahor va yoz oylarida 27-30°gacha ko’tariladi, tog’larda 15° gacha. Shamolga ro’para garbiy yon bag’irlarida yillik yog’in 2500-3000 mm, asosan, yozda yog’adi. Ichki rayonlarda 1000 mm gacha, Sharqiy sohilida 2000 mm gacha (asosan, qishda yog’adi). Shimoldagi tog’ tepalarida qor yog’adi. Daryolari sersuv, yozda to’lib oqadi. Eng yiriklari: Mekong, Iravadi, Saluin, Menam-Chaopraya. Suvidan sug’orishda keng foydalaniladi. Eng katta ko’li — Tonlesap. Hindixitoyning sernam tog’li hududlarida doim yashil tropik o’rmonlar, dengiz sohillari va deltalarda mangra o’rmonlari, ichki rayonlarda barg to’kuvchi tropik o’rmonlar va butazorlar bor. Tekislik qismi ekinzorlarga aylantirilgan. Asosiy ekini — sholi. Malakka yarim orolida kauchukli o’simliklar plantatsiyalari barpo qilingan.