ASL QORA
ASL QORA, Kizlyar qorasi, Proskoveysk qorasi— o’rtapishar vinobop uzum navi. Xalq selektsiyasi yo’li bilan shimoliy Kavkazda chiqarilgan. Tupi kuchli o’sadi. Bargi o’rtacha kattalikda, besh bo’lakchali, arra tishli, orqasi bir oz tukli. Guli ikki jinsli. Uzum boshi o’rtacha, tsilindr-konussimon, vazni 150 — 250 gramm, shingil va g’ujumlari o’rtacha tig’iz. G’ujumi dumaloq, ko’k-binafsha, kattaligi o’rtacha (16 — 18 millimetr). Eti pushti, shirin, sersuv (tarkibida 27% gacha qand bor). Asl qora kurtak yozgandan boshlab faol harorat yig’indisi 2890° da 140 kunda pishadi. Hosildorligi 100— 120 tsentner/gektar. Asosan, Shimoliy Kavkazda rayonlashtirilgan. O’zbekistonda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ekiladi. Spirti past qizil vinolar va sharbatlar tayyorlanadi.